Elektron manzilimizga kelgan ushbu maktubga avvaliga e`tibor qilmadik. Sababi, nomada na mavzu, na ism ko`rsatilgandi. “Kimdir shunchaki xat yuboribdi-da”, deb boshqalarini o`qir, u esa har gal qolib ketaverardi. “Shuni ham qaray, bir muxlis umid bilan nimadir qoralagan”, degan o`y bilan oxiri uni ham ochdim...
«Bu voqeaga o`n ikki yilcha bo`ldi. Shundan buyon yuragimda saqlab kelaman. Boshqa ilojim ham yo`q. Kechmishim shunchalar qoraki, na birovga aytib bo`ladi, na maslahat so`rab. Hammasi bo`lib o`tdi, bo`yog`i ham singib bo`ldi. Endi hech narsani o`zgartira olmayman. Bir og`ir va kechirilmas gunohni bo`ynimga osib bo`ldim.
Lekin shunchalar undan qutilishni istaymanki...
Ba`zida vaqtning ortiga qaytirishini, o`sha gunohkor kunni qayta menga ro`baro` qilishini va men o`sha iflos ishni sodir etmasdan o`tib ketishni juda-juda xohlayman....
Gohida uzoq-uzoqlarga gunohim daxl qilmaydigan joylarga bosh olib ketib qolgim keladi.
Afsuski, hech birining iloji yo`q.
O`shanda turmush chiqqanimga etti yil bo`lgandi. Ikki o`g`ilning onasi edim. Hayotim juda go`zal: o`zim ko`ngil qo`ygan insonimga turmushga chiqqanman, farzandlarim ham katta bo`lib, sevimli ishimda ishlay boshladim, ro`zg`orim but, turmush o`rtog`im hatto “matiz” rusumli avtomobil ham olib bergan...
Eng so`nggi rusumda kiyinar, topganimni o`zim uchun sarflar, erim esa ro`zg`orni kamu-ko`stsiz butlab qo`yardi.
Hammaning menga havasi kelardi. Ayniqsa ishxonadagilar “Ermakka ishga kelib ketasiz-a? Maosh uchun jon kuydirmaysiz...” deyishar, chindan ham men ishga go`yo pul topish uchun emas, vaqtimni o`tkazish uchun kelayotganga o`xshardim.
Erimning topish-tutishi zo`r bo`lgani bois, mening maoshim o`zimning pardoz anjomlarim uchun edi xolos.
Mana shunday to`kin-sochin, osoyishta kunlarimni birinchi bor erimning uyga kelmagani buzdi.
U hech qachon safarlarda bo`lmagan, biror joylarda sababsiz qolib ketmagan. Chunki u uchun eng qulay va erkin bo`lishi mumkin bo`lgan joy bu — uy edi.
— Uyda dam olishga nima etsin. Bekorga “O`z uying — o`lan to`shaging” deyishmagan, — derdi u. — Begona joyda uyqum ham kelmaydi, yotolmayman ham. Yostiqlari ham botib ketadimi-ey...
Ishonasizmi, hatto farzandlari ham o`ziga tortgan. O`g`illarim ham qaerga mehmonga bormaylik, qolishni aslo istamas, uyda ham o`zlarining yostiqlaridan boshqasiga bosh qo`ymasdi. Shularga mos ravishda men ham hatto onamnikiga borsam ham yotib qola olmasdim. Istaganimizda kunduzi o`tirib, kechga qaytib kelaverardik. Ba`zida bizni yaxshi bilgan akam bolalarimga hazillashardi:
— Endi kelsalaring, yostiqlaringni ham ko`tarib kelinglar. Shunda yotib ketasizlar.
— Joyimiz-chi? — derdi bolalarim jiddiy.
Mana shunga o`rgangan odam bir kun to`satdan uyga kelmasa xayolingizga nima keladi. Tag`in qo`ng`iroqlaringizga javob bermasa...
O`shanda hali sanoqli odamdagina mobil telefon bor edi. Shular qatori erimda ham. Uy telefonidan kechasi bilan tinimsiz qo`ng`iroq qilganman. Xayolimga ming xil falokat, ming xil gumon kelgan. Oxiri majburlikdan eng yaqin o`rtog`ining uyiga telefon qilib yig`lab yuborgandim:
— Ming bor uzr. Yarim tunda bezovta qildim. O`rtog`ingiz yo`q. Tinchmikan, ishqilib...
— Telefon...
— Telefonini ko`tarmayapti...
— Hozir men terib ko`ray-chi?
Besh daqiqa o`tar-o`tmas haligi o`rtog`i menga qaytib telefon qildi:
— Xavotir olmang. Bir joyda ish bilan qolgan ekan...
— Gaplashdingizmi?
— Ha.
— Nega mening qo`ng`irog`imga javob bermabdi?
— O`zi kelsa, aytar. Xavotir olmang. Sog`-omon. Bemalol uxlayvering...
Bemalol uxlab bo`ladimi? Qanday ish ekanki, “o`lan to`shagi”dan kechishga majbur etibdi? Qanday joy ekanki, aynan mening telefonimga javob berolmaydi?
Tonggacha mijja qoqmadim. Jinni bo`lib qolay dedim. Shunchalar tushkunlikka tushib, badgumon bo`lib qoldimki, boshqa qo`ng`iroq qilmadim ham. Ishga ham bormabman.
Kechki payt u hech narsa bo`lmagandek kirib keldi. Savollarimga javoban sovuqqonlik bilan dedi:
— Hech narsa so`rama! O`zingga yaxshi bo`ladi...
Sezdim, shu paytgacha xiyonat, yolg`on neligini bilmagan erim meni alday olmayotgandi. Men esa bu javobdan ko`ra yolg`onlarga ko`mib tashlashini istardim.
“Mayli, nozik mehmonlar bilan edim, deng. Yo bo`lmasa, begona joyda yotishni sinab ko`rdim, desangiz ham mayli. Ishxonam majbur yuborgandi, hamkorlarimiz bor edi, deng yo. Aldang, meni aldang...”
Ichimdan otilgan fig`on, ko`zlarimdan yosh bo`lib oqdi...
Bu hol yana ikki bor takrorlanganida esa aqldan ozay dedim.
So`ng esa...
Erim yolg`on so`zlamadi, va`dalar bermadi, nimalarnidir ro`kach ham kilmadi. Ochiq-oydin aytdi-qo`ydi:
— Sen to`kis ayolsan. Kamchiliging yo`q. Ro`zg`orni ham, bolalarini ham, meni ham... eplaysan. Shuning uchun xafa bo`lishingni istamayman. Hech narsa o`zgarmaydi. Hayotingda biror nima kam bo`lmaydi. Avvalgidek ta`minlab qo`yaman. Faqat... men sevib qoldim. U bilan yashashni istayman....
Indamadim.
Ichimdan esa adoqsiz savolar otilib chiqa boshladi: “Nega? Nima uchun? Nima sababdan? Nega hayotim kam bo`lmas ekan? Sizsizlik — to`kislikmi?..”
Xullas, bu savollarga javob topa olmay unsiz yig`ladim.
O`zimni hech narsa bilan ovuta olmadim. Hayotimda sira bunaqa adolatsizlikka duch kelmaganim tufayli, darrov hammaga dardimni doston qildim. Ishxonamga ham, uydagilarga ham, erimning uydagilariga ham, erimning o`rtog`iga ham...
— Siqilmang, shu bilan hayot to`xtab qolmaydi-ku! — dedi o`rtog`i beparvo.
— Siz bilardingiz-a? Boshidan bilgansiz! Nega qaytarmadingiz? — unga ham yig`lab berdim.
— Ko`ngil ishiga aralashib bo`lmaydi. “Qayt” deganingizga qaytib qolmaydi. Shuning uchun o`zingizni emang...
— U qanaqa? Shunchalik chiroylimi? Guldek oilasi, farzandlaridan kechar darajaga hurliqomi?
— Yo`g`-a! Siz uning oldida ming chandon go`zalsiz! Faqat u juda ayyor. Ustalik bilan eringizning boshini aylantirib oldi. Men uni, o`sha qizni insofga chaqirmoqchi bo`ldim. Darrov eringizga aytib beribdi. Eringiz menga to`ng`illab ketdi. U iflos do`stligimizga ham rahna soldi. Hozir eringiz bilan ja-a-a, osh-qatiq emasman...
— O`sha qizning rasmini biror kun ko`rsating menga... — dedim xuddi surat bir nimani hal qiladigandek unga umid bilan boqib.
— Mayli... — dedi erimning o`rtog`i darhol rozi bo`lib. — Qaerda uchrashamiz?
— Xohlagan joyingizda...
Shu bilan surat bahona u bilan o`zim qo`ng`iroq qilib, ikki marta uchrashdim. Uchinchi marta o`zi telefon qildi:
— Juda tushkunlikka tushib qolgansiz. Xavotir oldim. Biror joyda uchrashaylik, sizga aytadigan gapim bor.
U aytgan joyga bordim.
— Xayolimdan ketmay qoldingiz... “Yig`lab o`tiribdimikan? Uxladimikan? Ovqat edimikan?” deb o`ylayveraman. Eringizni ko`raman, dimog`i chog`. Xotini undan ham xursanddir?
— U... u bilan to`yi bo`lganmi? — dedim “xotini” degan gap qulog`imni yondirib o`tgani uchun.
— Ha-a-a, endi benikoh yashamaydi-ku! Ehtimol, boshida hissiyotlarga berilib, nikoh haqida o`ylamagandir? Endi baribir bola ko`ramiz desa, nikoh bo`lgani yaxshi-da!
— Bola-a-a... — o`zimdan ketib qolay dedim.
— Biram soddasiz-ey! Har doim birga bo`lganidan keyin tug`iladi-da, bolalar ham. Siz siqilmang. Bevafolar jon koyitishga arzimaydi...
— Ichim kuyyapti-da! Chidolmayapman...
— Ovuning. Boshqa narsalar bilan ovuning. Zeriksangiz qo`ng`iroq qiling.
Xullas, u og`ir damlarimda qalbimga ayyorlik bilan yo`l topishga urina boshladi. Bu yo`lda hech narsdan tap tortmadi. O`zini menga do`st ko`rsatish uchun hatto ular bilan kafeda birga o`tirib suratini menga olib keldi ham. U qadar chiroyli bo`lmagan ayol. Juda yosh ham emas. Bo`lsa mendan ikki yosh kichik...
— Voy shunchalik oiladan kechar darajaga kelgan ekansiz, o`n yosh kichigidan topmaysizmi? Xurliqo bo`lmaydimi? — dedim kulib erimning o`tog`iga.
— Ana endi o`zingizga kelyapsiz! — dedi u qo`limdan ushlab.
Men darhol tortib oldim.
— Nega cho`chib ketdingiz? Eringiz mazza qilib yuribdi. Sizlarni o`ylayotgani ham yo`q. Kuyishingizga arzimaydi. Alamingizni chiqaring, o`chingizni oling. Sizning haqingiz yo`qmi, yurishga? Sizda ko`ngil yo`qmi, sevishga... Siz shunchalar go`zal va oqilasizki, hatto, o`rtog`imning xotini ekanligingizga ham qaramay sevib qoldim. Bor-yo`g`i uch-to`rt marta gaplashib o`tirdikmi? Shu vaqtning ichida devonlarcha sevdim, sizni. Bu haqda butun olamga jar solishga ham tayyorman! Eringizga ham aytaman!
— Voy, unday qilmang! — qo`rqib ketdim.
— Sizni rostdan sevaman...
Shu kundan boshlab u tinimsiz sevgi izhor qila boshladi. Men esa o`z-o`zidan uni o`ylashga tushdim. Dardimni unutdim. Oxiri... shunchalar tubanlashib ketdimki, erimga xiyonat qildim. O`sha ondayoq tafakkurim birdan tiniqlashgandek, uyg`ongandek, qaerdandir aql kelgandek bo`ldi. Ichimni nadomat kemira boshladi. Nimalar qilib qo`yganimni anglab vijdonim qiynoqqa soldi. O`zimdan jirkana boshladim.
Baxtimga shundan so`ng erimning o`rtog`i ham boshqa atrofimda parvona bo`lmadi. U ham gunohini angladi chog`i, gaplashmay ham qo`ydi men bilan.
Juda azobda qoldim. Erimning xiyonati, usizlikda kechgan vaqtimdagi iztiroblarim dengizdan tomchi bo`lib qoldi. Agar bilsangiz, mana shu gunohim keltirgan azobni erimning ming xiyonati bergan qiynoqqa almashtirishga roziman. Afsuski, buning iloji yo`q...
Eng dahshatlisi, oradan ikki yil o`tib, erim oilamizga qaytdi, mendan kechirim so`radi. “Dunyodagi eng yaxshi, go`zal va sadoqatli ayol o`zingsan!” dedi g`ururlanib.
Bu bilan esa meni iztiroblar chohining eng chuqur qa`riga itargandek bo`ldi. O`sha-o`sha azobdaman...
KAMINA oqqa ko`chirdi