1

"Bahodir Yalangto`sh" filmini suratga olish ishlari davom etmoqda

Madaniyat 26.09.2022, 15:29
"Bahodir Yalangto`sh" filmini suratga olish ishlari davom etmoqda

O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan, buyuk sarkarda, davlat va jamoat arbobi, Samarqand hukmdori Yalangto`sh Bahodir haqida badiiy filmni suratga olish ishlari davom etmoqda.  

Xo`sh, Yalangto`sh Bahodir kim o`zi? U Vatanimiz tarixida qanday o`rin tutgan? Bugungi kunda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda uning hayot yo`li qanday ahamiyat kasb etadi?

                                                                Nima uchun Yalangto`sh?

Ko`pchilik Yalangto`shni Samarqandning Registon maydonidagi Sherdor va Tillakori madrasalarining asoschisi sifatida biladi. Aslida, u o`zbek davlatchiligi tarixida o`ziga xos o`ringa ega bo`lgan siyosatchilardan sanaladi.

Mahmud ibn Valining "Bahr al-asror" asarida yozilishicha, amirning asl ismi Xatoy Bahodir bo`lgan. Ayrim manbalarda uning ismi goh Nizomiddin, goh Abdulkarim tarzida keltiriladi. Rivoyatlarga ko`ra, u dushmanga qarshi janglardan birida hech qanday sovut taqmasdan, qalqon tutmasdan, ko`ksini ochib, maydonga tushgani uchun Yalangto`sh laqabini olgan ekan.

Uning tarjimai holiga nazar tashlasak, 1576 yilda Nurota hokimi Boyxo`ja oilasida tug`ilgan. Bahodir Buxoro xoni Abdullaxon II nazariga tushgan va uning homiyligida 1590–1593 yillarda maxsus harbiy maktabda o`qigan.

Sherdor madrasasining qurilishi


O`zining davlat oldidagi munosib xizmatlari evaziga dastlab Bulung`ur, Loyish, Kattaqo`rg`onda tumanlari boshlig`i lavozimida ishlagan (1593–95) Yalangto`sh Bahodir  1611 yil Ashtarxoniylar sulolasiga mansub Imomqulixonni taxtga o`tqazishda faol qatnashgan.

U Samarqandni 1626 yildan amalda mustaqil idora eta boshlagan, unga otaliq unvoni berilgan. Yalangto`sh Bahodir Buxoro xonligining barcha harbiy amaliyotlarida faol ishtirok etgan.

Davlat boshqaruvini qo`lga olishiga hissa qo`shgani, sadoqatli va namunali xizmatlarini e`tiborga olgan Imomqulixon 1612 yili Yalangto`sh Bahodirni Samarqand viloyati hokimi etib tayinlaydi. Bir qator tanaffuslar bilan u  qirq yil Samarqandni boshqargan.

                                                             Registon qanday qurilgan?

Bahodir Yalanto`shning tarix oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri Samarqandda 1416-1420 yillarda bunyod etilgan Ulug`bek madrasasiga monand tarzida Tillakori (1646–1660) va Sherdor (1619–1636) madrasalarini bunyod etib, Registonni yaxlit majmua holatiga keltirganidadir.

Registon majmuasining bugungi ko`rinishga kelishida Yalangto`sh Bahodirning hissasi katta bo`ldi. Uning ko`rsatmasiga ko`ra, 1619 yilda Ulug`bek madrasasi ro`parasida xuddi shunday uslubda yangi madrasa qurilishi boshlanadi.

17 yil davom etgan qurilish so`ngida har jihatdan Ulug`bek madrasasiga hamohang yangi me`mriy obida qad rostlaydi. Ikki qavatli ushbu madrsa 54 ta hujradan iborat. Madrasaning Sherdor deb atalishiga sabab uning peshtoqida inson yuzi aks etgan quyosh va sherlar tasviridir. Ayni paytgacha peshtoqning ikki tomonida simmetrik tarzda aks etgan quyosh, sher va ohu timsollarini mutaxassislar turlicha sharhlaganlar.

Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, madrasa qurilishi quyosh hamal burjida turgan paytda boshlanib, arslon (asad) burjiga kirgan paytda yakuniga etgani uchun ana shunday timsollar madrasa peshtoqiga tushirilgan deb hisoblashgan.

Ispan sayyohi Don Ryui Gonzales de Klavixo o`zining sayohatnomasida Shahrisabzdagi Oqsaroy peshtoqida ham quyosh, sher va ohu tasvirlarini ko`rganini yozadi.

Shu bilan birga sayyoh bu rasmlar turkiy xalqlarning qadimiy tamg`alaridan olinganini ham qistirib o`tgan. Ushbu madrasa qurilgan paytda hali Oqsaroy hali vayron bo`lmaganini esga olsak, aynan undan andoza olib ishlanganini taxmin qilish mumkin.

Registon maydoni, Samarqand

 

                                                            Tilla suvi yuritilgan peshtoqlar

 

Sherdor madrasasi qurib bitkazilgach, Samarqand hokimi Yalangto`sh Bahodirga bu majmua hali nomukammaldek tuyuladi. Oradan o`n yil o`tib, 1546 yilda uning buyrug`i bilan uchinchi inshoot – Tillakori madrasasi qurilishi boshlanadi. Madrasa qurilishidan oldin bu erda ham madrasa, ham masjid qurilishi rejalashtirilgan. Shu bois inshoot tarhi o`ziga xos tarzda ishlangan.

To`rt ayvonli, kvadrat shaklga ega bo`lgan hovli uch tomondan bir qavatli hujralar bilan o`ralgan. Madrasaning g`arbiy tomonidan masjid barpo etilgan. Madrasa va masjidning ichki va tashqi tomonlari turli  naqshlar, arabiy bitiklar bilan bezatilgan. Ayniqsa ichki tomonida ishlangan naqshlar ustidan tilla suvi yuritilgani uchun madrasa “Tillakori” ya`ni tilladan ishlov berilgan deb atalgan. Ayrimlar bu inshootni Yalangto`shbiyning kichik madrasasi ham deb atashadi.

Har uchala madrasa birgalikda o`ziga xos yaxlitlikni, uyg`unlikni tashkil etadi. Madrasalar turli davrlarda qurilgan. Ayniqsa Ulug`bek madrasasi keyingilaridan ikki asr oldin qurilganiga qaramay, ushbu majmua bir paytda yagona me`moriy echim asosida qurilgandek taassurot uyg`otadi.

                                                                          Nechta Yalangto`sh bor?

 

Ayni paytda qozoq qardoshlarimiz ham Yalangto`sh Bahodir milliy qahramon sifatida e`tirof etib, unga bir qancha shaharlarda yodgorlik ham o`rnatganlar.

Ammo, tarixiy ma`lumotlarga murojaat qilsak, Yalangto`sh Bahodir o`zbeklarning olchin qabilasidan ekanligi, u ashtarxoniylar davrida qozoq xonlariga qarshi bir qator janglarda jasorat ko`rsatgani aytiladi. Jumladan, 1609 yilda Samarqandga yurish qilgan qozoq xoni Abilay sulton qo`shinini Sig`noqqa qadar quvib borgan. 1612 yilda Toshkent va Turkiston yaqinida qozoq qabilalariga qarshi kurashda ko`rsatgan qahramonliklari uchun Imomqulixon tomonidan Balx amiri etib tayinlangan.

Xuddi o`sha yili u yana bir yirik qozoq xoni Esimxonga qarshi katta qo`shin bilan jangga kiradi va raqibini mag`lub etadi. O`zbek davlati tomonidan qozoq xoni Jahongirga yordamga yuborilgan Yalangto`sh Bahodir va Abdurahmon devonbegi boshchiligidagi qo`shin 1643 yili hozirgi Qozog`istonning janubi-sharqidagi O`rbuloqda yuz bergan hal qiluvchi urushda qalmoqlarning ellik minglik lashkarini enggan.

Jalantos Seyitqul o`g`li yodgorligi, Aqto`be, Qozog`iston

 

Shu bois, ayrim tadqiqotchilar qozoq xalq og`zaki ijodi namunalarida Jalanto`s Seyitqul o`g`li nomi bilan mashhur bo`lgan Bahodirning Yalangto`shga aloqasi yo`qligini ta`kidlashadi. XVIII asrda yashab o`tgan yana bir tarixiy shaxs  – Jalanto`s Quliqulining maqbarasi esa, Qarag`anda shahridan janubi-sharqda joylashgan.

                                                                         Bahodirning so`nggi manzili

 

Dahbeddagi "Maxdumi A`zam" masjidi ham Yalangto`sh Bahodir tomonidan 1619 yili qurdirilgan va o`z zamonasining madaniy markazlaridan birag aylangan. Aytishlaricha, masjid o`n to`rtta ustun ustiga tiklangan, o`n to`rt gumbazli qilib qurilgan, uning sahniga o`n to`rt tup chinor ekilgan va o`n to`rt hukmdorning jasadi dafn etilgan ekan.

Yalangto`sh Bahodir o`z davrida katta mavqega ega bo`lgan naqshbandiya tariqatiga yuksak ehtirom bilan qaragan va ma`lumotlarga ko`ra, uning o`zi ham ushbu tariqatga kirgan.

Xonaqohning shimoliy qismidagi, 17.6x16.6 metr o`lchovdagi deyarli kvadrat shaklga ega daxma Samarqandning kulrang marmaridan ishlangan bo`lib, balandligi – 1.55 metr, burchaklari marmar yarim ustunlar bilan bezatilib, Qur`on oyatlari bilan ziynatlangan.

Yalangto`sh Bahodirning ikki qizi – Iqlimabonu va Oybibining qabrlari ham shu erdan o`rin olgan.

Bahodir Yalangto`sh qabri, Dahbed qo`rg`oni

 

Yalangto`sh Bahodir 1656 yili 80 yoshida bu yorug` olamni tashlab ketgan. Vasiyatiga ko`ra uni Dahbeddagi Mahdumi A`zam xonaqohiga, piri Xoja Hoshim qabrining oyoq tomoniga ko`mganlar. Shu tariqa, o`zbek xalqi va davlatchiligi tarixida o`z o`rni va xizmatlariga ega yirik davlat arbobi, ko`plab xayrli ishlar tashabbuskori, ilm-fan hamda madaniyat homiysi Yalangtush Bahodirning umr daftari tugagan.

                                                               Bahodir jasorati – ekranlarda

 

O`zbekiston Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligida bu qahramon hamyurtimiz hayoti va faoliyati haqida “Yalangto`sh Bahodir” badiiy filmini suratga olish ishlari boshlandi. Filmning ilk sahnalari “Ipak yo`li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali kunlari suratga olindi.

S`yomka jarayonida  Daniyaning Danmon Group kompaniyasidan sotib olingan 3,5 million dollarlik texnikalar ishlatilmoqda. Film taniqli  rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olinmoqda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1