O`zbekistonda davlat idoralari ma`lumotlar bazasidan foydalanish imkonini beruvchi platforma yaratildi. Bu haqda "Norma.uz" xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining "Idoralararo elektron hamkorlik tizimi va ma`lumotlar axborot almashinuvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori qabul qilingan.
U bilan "Elektron hukumat" tizimining raqamli ma`lumotlar platformasi orqali elektron hamkorlik va axborot almashinuvi tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlangan.
Shuningdek, platforma orqali tijorat va boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlar davlat idoralari ma`lumotlar bazalaridagi ma`lumotlardan pullik asosda foydalanishi mumkin bo`ladi.
Nizom asosiy qoidalari:
- ushbu platformaga ulanish xavfsiz VPN tarmog`i orqali amalga oshiriladi;
- platformaga ulanish uchun savdo korxonalari va boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlar Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi "Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi"ga so`rov yuboradi;
- platformaga ulanish to`g`risida ijobiy qaror qabul qilinganda markaz va foydalanuvchi o`rtasida shartnoma tuziladi;
- foydalanuvchi qiziqtirgan ma`lumotni tegishli so`rovlarni yuborish orqali oladi, har bir so`rov uchun bazaviy hisloblash miqdorining 0,1 foizidan 2 foizigacha miqdorda to`lov amalga oshiriladi;
- platforma orqali foydalanuvchilar o`z ma`lumotlarini shartnoma asosida boshqa foydalanuvchilarga taqdim etishi mumkin.
Qaror bilan "Elektron hukumat" tizimining idoralararo integrasiyalashuv platformasi orqali elektron hamkorlik va axborot almashinuvi tartibi to`g`risidagi nizom (platforma davlat organlarining idoralararo hamkorligi uchun mo`ljallangan), davlat xizmatlari ko`rsatilgani uchun to`langan davlat boji, yig`im va boshqa to`lovlar hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi foydalanuvchilari o`zaro hamkorlikda ishlashi tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat 20 sentyabrdan boshlab kuchga kirgani ma`lum qilingan.