​JSST insoniyatni noma`lum virus xavfidan ogohlantirdi

Salomatlik 28.09.2022, 10:51
​JSST insoniyatni noma`lum virus xavfidan ogohlantirdi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko`ra, insoniyat yaqin kelajakda yana bir pandemiya bilan yuzlashishi ehtimoli juda yuqori. Yangi virus qanday paydo bo`lishi va uning oldini olish choralari Jenevada bo`lib o`tgan konferensiyada muhokama etildi. 

Aslida, COVID-19 epidemiyasi barchamiz uchun saboq bo`lishi kerak. To`g`ri, hozir koronavirus bilan kurashish tajribasiga egamiz. Ammo qurbonlar ko`p bo`ldi va hozir ham kasallik minglab bemorlar o`limiga sabab bo`lmoqda. 

Mutaxassislar fikricha, hademay boshqa patogenlar ham maydonga chiqishi mumkin. Atrof-muhitdagi o`zgarishlar, ekologik muammolar hamda biologik qurollanish avj olishi muammo omili sifatida baholanyapti.

Shu bois JSST ekspertlari “X” xastaligiga hozirdanoq tayyorgarlik boshlanishi kerak, degan fikrda. Chunki noma`lum virusning istalgan paytda paydo bo`lish xavfi mavjud. 

Birinchi taxminga ko`ra, yangi infeksiya xuddi maymun chechagi yoki parranda grippi singari hayvonlarda uchrovchi viruslarning mutasiyaga uchrashi oqibatida yuzaga keladi. 

Yana bir ehtimol ham bor: “X” kasalligi allaqachon mavjud bakterial infeksiya bo`lishi ham mumkin. Negaki, olimlar so`nggi vaqtlarda bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi oshib borayotganidan jiddiy xavotirda. Har yili dunyo bo`yicha 5 million nafarga yaqin kishi ayni shu omil tufayli hayotdan ko`z yumayotgani buning tasdig`i va ko`rsatkichlar yil sayin o`smoqda. 

Xo`sh, qanday yo`l tutish maqsadga muvofiq? 

JSST barcha potensial xavfli patogenlar uchun virusga qarshi preparatlarni hozirdan yarata boshlashni taklif qilmoqda. Klinik sinovlarga imkon qadar tezroq kirishilsa, epidemiya paytida sinovlarning ikkinchi bosqichi uchun ixtiyorimizda dorilar mavjud bo`ladi.

Sharhlar