AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik jarrohlar ilk bor robot yordamida murakkab operasiyani amalga oshirishdi

'O`zbekistonlik jarrohlar ilk bor robot yordamida murakkab operasiyani amalga oshirishdi'ning rasmi

O`zbekistonda robotoxirurgiya imkoniyatidan unumli foydalanish maqsadida Koreya Respublikasining “Meere” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan "Revo-i" rusumli robot-xirurg mamlakatimizga olib kelindi. Bu haqda   Sog`liqni saqlash vazirligi  Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, “Shox International Hospital”ga o`rnatilgan, nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda ham noyob bo`lgan ushbu texnologiya bir hafta bo`lishiga qaramasdan 8 nafar bemor u orqali dardiga davo topdi.  

Klinika mutasaddilari ushbu innovasion texnologiya muassasadagi barcha operasion blok mutaxassislari tomonidan o`zlashtirilishini maqsad qilgan.  

Negaki, operasiyada butun jamoa ishtirok etadi, amaliyot natijasi va bemor salomatligi har birining kasbiy mahoratiga bog`liq. Keyinchalik esa bu mutaxassislar yurtimizdagi boshqa hamkasblari bilan o`z tajribalarini bo`lishadi.

Zarifxo`ja Bahodirxonov — O`zbekistonda ilk bor robot-jarrohga operatorlik qilgan onkoxirurg. Mutaxassis zamonaviy xirurgik texnologiyalar bo`yicha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Xususan, Sog`liqni saqlash vazirligi ko`magi bilan aynan "Revo-i" robot texnologiyasi bo`yicha Koreyada ikki marta malaka oshirib kelgan.

—  Bizda shu paytgacha jarrohlik amaliyotlari odatiy kesish va laparoskopik usullarda o`tkazilgan, — deydi Z.Bahodirxonov . — To`g`ri, laparoskopik operasiyalar ham kesishlarsiz, vizual imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu usulda shifokor jarrohlik stoli oldida turib, operasiya paytida ishlatiladigan asboblarni bevosita qo`li bilan ushlab, qarshisidagi monitorga qarab, ish olib boradi.  

Robot yordamida bajariladigan operasiya chog`ida  esa jarroh konsoldagi qulay stulda, barcha diqqatini operasiyada jamlash imkoniyati bo`ladigan sharoitda o`tiradi.  Robotning jarrohlik asboblari kichik o`lchamli bo`lib, inson qo`liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi.

Robot-xirurg yordamida bajariladigan onkologik amaliyotlar o`simta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim bo`lgan boshqa organlarga ta`sir qilmasligi, minimal qon yo`qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog`ayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, O`zbekistonda robotoxirurgiyaning taraqqiy etishi ikki omilga bog`liq. Birinchisi — texnologiyani boshqara oladigan mutaxassislar tayyorlash bo`lsa, ikkinchisi — mamlakatimiz tibbiyotida robotlar sonini orttirish.  

Bu borada dastlabki qadam tashlandi. Endigi vazifa — robot bilan birga operasiya qiluvchi ko`p sonli xirurglar zaxirasini shakllantirish. Shunda bu innovasion texnologiya onkologiya va onkourologiya yo`nalishlaridagina emas, milliy tibbiyotimizning barcha jabhalarida faol qo`llanila boshlaydi.

 

 

    Boshqa yangiliklar