1

Qoraqalpog`istonda Boqirg`oniy tavalludining 900 yilligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi

Madaniyat 03.10.2022, 18:17
Qoraqalpog`istonda Boqirg`oniy tavalludining 900 yilligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi

29-30 sentyabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus shahri va Mo`ynoq tumanida Sulaymon Boqirg`oniy (Hakim ota) tavalludining 900 yilligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 


Konferensiya Turizm va madaniy meros vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar kengashi, Fanlar akademiyasi va Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan tashkillashtirildi. 

Xalqaro konferensiyada mahalliy va xorijiy mutaxassislar, xususan, Qozog`iston, Tojikiston, Qirg`iziston, Afg`oniston va boshqa davlatlardan olim va mutaxassislar tashrif buyurishdi.



Konferensiyani ochib bergan Bosh vazir o`rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Qoraqalpog`iston xalqlari hayotida ro`y berayotgan o`zgarishlarni alohida ta`kidladi.

"Bu erga uzoq va yaqin xorijdan, shu bilan birga O`zbekistonning boshqa viloyatlaridan ham ko`proq sayyohlar kela boshladi, - dedi vazir. - Yana bir jozibali omil – Qoraqalpog`iston xalqlari hayotida yaxshilandi, nafaqat markaziy shahar va qishloqlar, balki olis Mo`ynoq, Ustyurt kabi hududlarning ham qiyofasi o`zgardi – bundan besh yil avval bu erlarga kelgan odamlar bugun keskin o`zgarishlar tufayli tanimaydilar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, “Madaniyat Mo`ynoqdan boshlanishi”ni o`z ko`zingiz bilan ko`ryapsiz".

Aziz Abduhakimov Sulaymon Boqirg`oniy shaxsiga alohida to`xtaldi. Qolaversa, Boqirg`oniy kabi shaxslarning o`rni juda muhim ekanligini ta`kidlab, konferensiyani tashkil qilishda yordam bergan tashkilotlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Turizm va madaniy meros vazirligi Ommaviy tadbirlarni tashkil qilish boshqarmasi boshlig`i Zarrina Abdullaeva esa mazkur konferensiya bevosita turizmni rivojlantirishda ham muhim ekanligini qayd etdi.

"Bugungi konferensiya Sulaymon Boqirg`oniy ijodini yanada kengroq tanitishga imkon beradi. Maqsad buyuk allomamizning shaxsiyati, asarlariga qiziqishni oshirish, bu esa o`z navbatida ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi, - dedi Zarrina Abdullaeva. - Bugungi konferensiyada mahalliy va xorijlik mutaxassislar Boqirg`oniy haqidagi ma`ruzalari bilan qatnashishdi. Bu maqolalar alohida kitob sifatida chop etiladi".

Konferensiya davomida 30 dan ortiq ma`ruzalar qilindi. Yig`ilganlar Sulaymon Boqirg`oniy shaxsi va ijodi haqida qimmatli ma`lumotlarga ega bo`lishdi.

Darhaqiqat, Sulaymon Boqirg`oniy ijodi kelajak avlod uchun muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. 

"Boqirg`oniy ijodi yoshlarga ham ilm beradi, ham to`g`ri kasbni tanlash, o`z yo`lini topish borasida dasturulamal hisoblanadi, – dedi O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi katta ilmiy xodimi, dosent, Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sohibi Sayfiddin Rafiddinov. – Shu bois biz Boqirg`oniyning ko`plab qo`lyozmalarini kitob holida chop ettirib, uning ijodini to`liq holda xalqimizga etkazish niyatidamiz".

Aslida, buyuk kelajagimiz, butun dunyoga taniqli ajdodlarimiz bilan faxrlansak arziydi. Aynan shu zotlarning qadamjolarini ziyorat qilish uchun dunyoning turli nuqtalaridan ko`plab turistlar tashrif buyurishmoqda.  Shu nuqtai nazardan bugungi kabi festivallar nafaqat ma`naviy merosimizni dunyoga yoyish, balki turistlar oqimini yanada kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1