1

So`kish yana "trend"da...

Jamiyat 03.10.2022, 19:57
So`kish yana "trend"da...

So`nggi paytlarda davlat amaldorlari, ya`ni hokimlarning qo`l ostidagi xodimlarga qo`pol muomalada bo`lib, ularni "kurakda turmaydigan so`z"lar yoxud turli madaniyat chegaralarini buzib o`tuvchi so`kish so`zlar bilan haqorat qilayotgan audioyozuvlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo`lib qoldi. Bu gap-so`zlar hatto davlat rahbarining ham qulog`iga etib bordi va o`z o`rnida ularga tegishli chora ko`rildi, ya`ni egallab turgan lavozimidan"ozod etildi"... Ammo bu qolgan so`kong`ich amaldorlarga mutlaqo ta`sir qilmaganligini hamon ular majlislarni haqoratli so`zlar bilan o`tkazayotganidan ham bilsak bo`ladi. Xuddi shu mavzuda deputat Rasul Kusherbaev o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi:

" Yaqinda Prezident Administrasiyasi rahbari majlisida bir qator hokimlar ishdan olindi va jazolandi. Hokimlarning odob-ahloq me`yorlariga zid harakatlari tanqid qilinib, bu davlat xizmati obro`siga putur etkazishi ta`kidlandi. 

Biroq shu voqeadan ko`p o`tmay davlat xizmatchilarining so`kish bilan bog`liq odobsizliklari yana tarmoqlarda aylana boshladi. 

➖ An`anani Toshloq tumani hokimi davom ettirdi. Tuman hokimi, deb aytilayotgan audioda hokimning og`zidan chiqayotgan gaplarga ilon po`st tashlaydi. 

Kamiga o`z gapida hokim hududning mutlaq hukmdori sifatida har qanday qarorni kengash deputatlari tasdig`idan o`tkaza olishiga ishora qiladi.

Demak, Toshloq tumani kengashi deputatlari hokimni izmidan chiqa olishmaydi yoki hokim oshirvordi. Feodalizm.

➖ Keyingi holat Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanidagi sobiq IIB xodimi bilan bog`liq. 

Xodim nomus chegarasidan o`tib, butun o`zbekistonliklarni bo`ralatib so`kdi, oqqo`rg`onlik erkaklarni or-nomusini erga urdi.

Ikki holatda ham davlat xizmatchilari o`zlarining ma`naviyatsiz, davlat ishiga nomunosib ekanliklarini ko`rsatishdi. 

Ushbu holatlar davlat xizmatiga kadr tanlashda jiddiy nuqson borligini ko`rsatmoqda. Ya`ni kadrning ma`naviy dunyosi, hulqi va muomila madaniyati qandayligiga qaralmaydigan ko`rinadi.

Inson qanchalik bilimli, uddaburon bo`lmasin, ma`naviyati yuksak bo`lmasa, ish olib borishda  zo`rlik va so`kinishga tayanishi mumkin ekan.

Bunday kadrning hech qanday qiymati yo`q va undaylar davlat xizmatida bo`lishi mumkin emas. 

Menimcha, bunga davlat xizmatiga kadr tanlovchi mas`ullar prinsipial qoida sifatida qarashlari kerak. Aks holda er yuzida o`zbekistonliklar o`zlariga xizmat qiluvchi amaldorlarining so`kishi ostida yashaydigan xalq bo`lib qolaveradi."

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1