AsosiyMadaniyat

Amir Temur haqida o`zbek tilidagi eng eski qo`lyozma aniqlandi

'Amir Temur haqida o`zbek tilidagi eng eski qo`lyozma aniqlandi'ning rasmi

Buyuk sohibqiron Amir Temur (1336-1405)ning hayoti va faoliyati haqida o`zbek tilida bitilgan eng eski qo`lyozma aniqlandi. Bu haqda O`zbekiston madaniy merosini saqlash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati a`zosi, Tojikiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim  Badriddin Maqsudov ma`lum qildi.  

Badriddin  Maqsudovning aytishicha, kitobni Amir Temur haqida yozilgan va shu paytga qadar etib kelgan  turkiy qo`lyozmalarning hozircha eng qadimiysi deyish mumkin. Ayni paytga qadar Amir Temur haqida bitilgan turkiy asarlarning eng qadimiysi 1713 yilda yaratilgan.

Kitobning xotimasida qo`lyozma hijriy 1027 yil rajab  oyi sanasi qayd  etilgan. Bu 1618 yilning iyun-iyul oylariga to`g`ri keladi. Bu asarning ko`chirilgan sanasi bo`lishi, asar undan ham avval  yozilgan bo`lishi mumkin. Unda asarning yoshi yanada “ulg`ayadi”.  Hozircha qo`lyozma  kimning qalamiga mansub ekani, kim tomonidan, qaerda ko`chirilgani ma`lum emas.  

Asar an`anaviy tarzda Yaratganga hamdu sano va payg`ambarimiz (s.a.v)ga na`t bilan boshlangan: “Hamdi behad va sanoyi beadad ul xalloqu-samovoti big`ayri amad va fardi samadi zul-jalol va bezavol va loyazol va barkamol va ogohi kulli holg`aki, bir pora musht xokdin ijodimizni bashariyat sharafig`a mubaddal qildi...”

Kitobda Amir Temur Sohibqironing dunyoga kelishi, ilm olishi, harbiy yurishlari, Bibixonim madrasasining qurilishi haqida fasllar o`rin olgan. Asarning to`liq  mundarijasi, voqealar rivoji, bayon uslubi hamda hozir aniq fikr aytish mushkul. Bu sahifalarni bir qator taniqli mutaxassislar, manbashunos olimlarga ko`rsatdik. Ularning fikricha, qo`lyozma Qo`qonda ko`chirilgan, sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” yoxud Abdulloh Hotifiyning “Temurnoma” asari asosida yaratilgan bo`lishi mumkin. Aniq xulosa esa, qo`lyozma to`liq o`rganib chiqilganidan keyin aytiladi.  

Kitobning so`nggi sahifasida asar so`ngidagi an`anaviy xotimadan so`ng, “Amir Temur.... ni kitoblarini kamina qullari bitib bo`ldi” degan jumla o`rin olgan. Shundan so`ng turkiy va forsiy tilda xatolar uchun uzrxohlik va  duo talabidagi  baytlar bitilgan:

Agar ko`rsang xatimda ko`p xatomni,

O`zumni so`k, vale so`kma anomni...

...Qoriyo bar man makun qahru itob,  

Har xatoe rafta boshad dar kitob.

O`zbekiston madaniy merosini saqlash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati Boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqovning aytishicha,  Dushanbedan topilgan bu noyob qo`lyozmaning nusxasini O`zbekistonga keltirib, taniqli tarixchi va manbashunos olimlarimiz yordamida chuqur tadqiq etish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar