1

“Erimga yoqmay qoldim”

SUG'DIYONA 25.08.2016, 12:55
Teglar: Ayol, Oila, Er-xotin
“Erimga yoqmay qoldim”

Turmush davomida ayolda shunday fikr paydo bo`lishi tez-tez uchrab turadigan holat. Ayol turmush o`rtog`i uchun o`zini yoqimsizdek his eta boshlaydi. Bu katta muammo.

Sababi, 

Birinchidan, ayol tabiatan yoqimli ekanligini his etib yashashi kerak;

Ikkinchidan, eri uchun ayol yoqimsiz bo`lib qolgan bo`lsa, demak oilada munosabatlar dars ketmoqda;
Uchinchidan, o`zini yoqimsiz deb bilgan ayol haqiqatan yoqimli ekanligiga ishonmay qoladi;

To`rtinchidan, eriga yoqmasligini bilayotgan ayol o`zini kamsitishni boshlaydi va erining ko`zida yanada pastroqqa tushadi;

Beshinchidan, "yoqimsiz" ayol erining ko`plab aybiga ko`zini yuma boshlaydi.

Haqiqatan ham ayol o`z turmush o`rtog`iga yoqimsiz bo`lib qoladimi? Buning sababi nima?

Vaqt o`tib, erkak ham ayol ham o`zgaradi. Ular bir-biriga mos ravishda o`zgarib borsa, muammo yo`q. Lekin, ba`zida er-xotin har xil yo`nalishda va turlicha tezlikda o`zgara boshlaydi yoki umuman o`zgarmay yuraveradi. Mana shu mutanosiblikning buzilishi munosabatlarda muammolar keltirib chiqaradi. 

Erkak birdaniga xotinidan o`zgarishini talab qilib qoladi. Unga bo`lgan e`tirozlari ko`payib qoladi. Ayolining jismoniy ko`rinishi, gapirishi, o`zini tutishi, hidi, jinsiy munosabatlardagi o`rni va hokazolar yoqmay qoladi. Yoki undan yomoni, hech qanday talab e`tirozsiz xotinidan sekin-asta sovushni boshlaydi. 

Xotin barcha aybni o`ziga olib o`zgarishga harakat qila boshlaydi, lekin negadur o`zgarayotgan bo`lsa ham, erining e`tirozlari kamaymayotgan bo`ladi. Shunda u o`zini aybdordek his etib boshini egib erini yanada balandroqqa ko`tarib qo`yadi.

Erkakning xotinidan ranjishiga nima sabab bo`lishi mumkin?

Asosiylarida to`xtalib o`tamiz.

Boshqa ayolni sevib qolishi.

Agar erkakning xotinidan ranjishiga sabab bu bo`lsa, u holda bu oddiy xiyonat bo`lib, xotinida hech qanday ayb yo`q. Qo`lidan kelsa, erini qaytarib oladi, qo`lidan kelmasa, erini yo`qotadi. Xiyonat tufayli eriga yoqmay qolgan ayol qancha urinmasin erining chetdagi "asal oyi" davrida uning ko`ziga yoqimsiz bo`lib ko`rinaveradi. Vaqt o`tishi kerak. Chetdagi munosabatlardagi ehtiros kamayganida xotini kurashishni boshlasa bo`ladi.

O`zbek ayoli erini mehrini qozonish uchun birinchi navbatda ovqatni yanada mazaliroq, tortni yanada kattaroq qilishga harakat qiladi. Bu yo`l maqsadga erishishga yordam bermaydi. Qo`shimcha "qurol" sifatidagina qo`llanilishi mumkin.

Biron tanishining ayoliga xavas bilan qarashi.

Birovlarning xotiniga xavas bilan qaraydigan erkaklar kam emas. Ular shu qadar bo`sh va qo`rqoq bo`ladiki, o`zi unday ayolga o`ylanishga ma`naviy, jismoniy va psixologik kuchi etmaydi, yonidagi ayoli shunday bo`lishi uchun imkoniyat yaratib bermaydi va birovga xavas bilan kifoyalanib yashaydi. Xotini u ayolga o`xshamaganligi sabab unga mehr bilan qaray olmaydi. Bunday erkaklar xotini u uchun harakat qilishiga, o`zgarishiga arzimaydi. Ular haligi yoqimli ayolga munosib bo`lishga harakat qilmaydilar-u, nega xotinidan yuqori parametrlarga ega bo`lishini talab qiladi? Xotini qanchalik o`zgarmasin, harakat qilmasin, o`sha qo`shnini ayoli yoqimli bo`lib ko`ziga ko`rinaveradi, ayoli yoqimsiz bo`lib, ayolida qo`shimcha kamchiliklar topilaveradi. Bunday erkak bilan o`zgarishga hojat yo`q. Agar kuchi etsa, o`zi birinchi o`zgarsin, ana undan keyin xotini unga munosib bo`lishini talab qilsin. Erkak qanday bo`lsa, yonidagi ayol aynan unga mos va munosib bo`ladi. Bunday erkak bilan ayol o`zini qadrini ko`tara olishi kerak.

O`zi o`zgarib ayolidan ham yuksalishni kutishi.

Bu yuqoridagi ko`rinishning aksidir. Bunda erkak ma`lum bir sabab(moliyaviy, jismoniy va boshqa)larga ko`ra ijobiy tomonga o`zgargan bo`ladi. Bunday erkak yonida o`ziga mos ayol bo`lishini istaydi va bunga haqqi bor. Agar ayol eri haqiqatan ijtimoiy yuksalganini his etayotgan bo`lsa, u holda u ortda qolmay o`z ustida ishlashi lozim. Eri ko`p kitob o`qimoqdami, u ham adabiyotga qiziqishi lozim. Eri jismoniy holati yaxshiladimi, ayol ham o`z jismoniy ko`rinishiga ahamiyat bermog`i lozim. Eri katta uchrashuvlarga bormoqdami, ayoli yonida munosib ko`rinishda va muomilada bo`lishi darkor. Bunday oilalar yuksalaveradi, undagi farzandlar esa yangi ijtimoiy cho`qqilarni zabt etadilar.

Ayoli keskin ravishda o`ziga qaramay qolishi (vazni keskin oshib, soch va yuzida ayollik isi qolmasligi va hokazolar).

Bir nechta farzand tuqqan ayol qizlik paytidan farq qilishi ajab emas. Lekin 30-35 yoshida ayol 80kg bo`lib, yuzini, sochlarini parvarish qilmay qo`yib, tovonlari qotib ketib yursa, hamma erkak ham bunga chidashi oson bo`lmaydi. Ayol 20 yoshida ham, 70 yoshida ham o`ziga qaragan bo`lishi muhim. O`zini yosh ko`rsatish shart emas, lekin parvarish qilinganligi bilinib turishi lozim. Kiyimidan doimiy tarzda faqat yo`g hidi kelib turgan ayol, hech bir erkakka yoqimli ko`rinmaydi. 

Ayolning o`ziga qarashga vaqti etmayotgan bo`lsa, eridan yordam so`rashi kerak. So`ray olmaydigan, yordamni ola bilmagan ayol eriga yoqishi tobora qiyinlashib boraveradi. Erning ko`ziga stoldagi tort, toza idishlar, supurilgan xovli emas, ayolining yuzidagi dog`lari, kiyimining kirligi, sochidagi yog` isi aniqroq bilinadi.

Erkak o`zidan ranjib, alamini xotinidan olishi.

Bu holat ham ko`p uchraydi. Bunday erkakning o`ziga bo`lgan ishonchi kam bo`ladi. U o`zidan ich-ichida nafratlanadi. Tayinli ish qilmaydi, qo`lidan hech narsa kelmaydi. Mana shu kabi erkaklar, o`zini o`zgartirishni o`rniga, xotinini kamsitishga o`tadi. Uni astoyidil o`ziga qaramaydigan, o`zini kamsitadigan, boshini ko`tara olmaydigan ayolga aylantirib qo`yadi. Yillar davomida xotinini erga uraversa, maqsadiga erishadi. Natijada esa, boshi egilgan, o`ziga qaramaydigan, kamsitilgan ayolni ko`rib, o`ziga bo`lgan ishonchini oshirib o`tiradi. Ayol bunday erkak bilan sinmasligi kerak. O`z qadrini bila olgan, o`zini seva oladigan, erka bo`la oladigan ayol bunday vaziyatda o`zi sinmay, balki erini ham botqoqdan chiqara oladi.

Erkakda jinsiy muammolar paydo bo`lishi (jinsiy ojizligining sababini xotinidan izlaydi).

Erkak o`zida jinsiy ojizlikni his eta boshlasa, negadur sababini tibbiy muammoda izlamay, xotinidan izlashni boshlaydi. Xotinining qo`shincha 2-3 kilosi, soch rangi yoki turmagini uning jinsiy ojizligiga sabab deb biladi. Jinsiy ojizlikning asosiy sababi tibbiy muammolardir. Vaqtida davolangan kasalliklar jinsiy ojizlikning oldini oladi. 

Aynan shu ayolga uylanganidan achinishi.

Erkak ota-onasining qistovi yoki boshqa sabablar bilan bir ayolga uylanadi. Lekin turmush davomida unga hech mehri uyg`onmaydi. Yillar o`tgan sayin xotini yoqmay ketaveradi, erkak ham ajrashmay shunday mehrsiz turmushni davom etaveradi. Agar turmush qurishdan oldin ayol eriga yoqmagan bo`lsa, u holda turmush davomida uni mehrini qozonishga harakat qilishi lozim. Mehr qozonish uchun manti pishirish shart emas, tili shirinlik, erkalik, o`z qadrini bilish va albatta jinsiy munosabatlarning boyligi erkakni mehrini qozonishda eng oson yo`ldir. 

Hayotda erkak ham ayoliga yoqmay qolishi mumkin. Lekin bu holat kamroq uchraydi. Asosan erkaklar turmush davomida ayoliga e`tirozli bo`lib qoladi. Buning sababi oddiy. O`zbek ayoli o`z qadrini bilmaydi. Qadrini bilgan ayolni erkak ham qadrlaydi, unga e`tirozi ham kam bo`ladi. O`zini kamsitadigan ayolni esa kamsitish juda oson. Erga urish, ayblash bilan unday ayollarni qo`lda ushlash oson.

Ayol qanchalik boshini baland tutsa, boshini baland tutishiga o`zida minglab sabablarni topa olsa, yonidagi erkak ham xotinini yoqtirish uchun shu sabablarni ko`ra oladi.

Manba: “Uzbaby.uz

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1