AsosiyMadaniyat

Pahlavon Mahmudga bag`ishlangan “Xiva langari” filmining suratga olish ishlari boshlandi

'Pahlavon Mahmudga bag`ishlangan “Xiva langari” filmining suratga olish ishlari boshlandi'ning rasmi

Pahlavon Mahmudga hayoti va ijodiga bag`ishlangan “Xiva langari” filmining suratga olish ishlari boshlandi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Bosh vazir A. Aripov tomonidan Kinematografiya agentligi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa mas`ul idoralar bilan hamkorlikda Pahlavon Mahmud hayoti va ijodiga bag`ishlangan tarixiy badiiy film yaratish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta`minlash maqsadida agentlik va Xorazm viloyati hokimligi o`rtasida qo`shma qaror ham tuzilgandi.

 Ayni paytda esa postanovkachi rejissyor Hamidulla Hasanov boshchiligidagi ijodiy jamoa Pahlavon Mahmud hayoti va ijodiga bag`ishlangan “Xiva langari” tarixiy murakkab postanovkali badiiy filmini suratga olish ishlarini boshlab yuborishdi.  

Ssenariyga ko`ra, filmdagi asosiy suratga olish ishlari Xorazm viloyatining Xiva shahri “Ichan qal`a” tarixiy yodgorliklar majmuasi, “Nurullaboy” saroyi, “Toxa qiblagoh” hududi, Xiva tumani “Sayyot” qishlog`ining “Chodiraxovli” tarixiy obidasi, Bog`ot tumani “Qal`ajiq qal`a” dam olish maskani, Urganch tumani “Ulli hovli” tarixiy majmuasi, Tuproqqal`a tumani “Sarimoy” hududlarida, Buxoro viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasining tumanlarida hamda Hindistonning ba`zi hududlarida amalga oshirilishi mo`ljallangan.

 Ma`lumot uchun, Pahlavon Mahmud (1247-1326) - buyuk shoir, pedagog, faylasuf va so`fiy Xiva shahrida tug`ilgan. “Komus-ul-alom” (“Buyuk siymolar”) kitobi muallifi Shamsiddin Somiyning yozishicha, Pahlavon Mahmud olim va shoir, shu bilan birga engilmas va baquvvat polvon bo`lgan. U ruboiy va she`rlarini fors tilida yozgan. Eng mashhur she`rlaridan biri “Qanzul haqoyiq” (“Haqiqatlar to`plami”) hisoblanadi. Uning she`r va ruboiylarida so`fiylik g`oya va fikrlari o`z ifodasini topgan. Shoir qo`lyozmalarining bir qismi bugungi kungacha etib kelgan va hozirda O`zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

 

 

    Boshqa yangiliklar