1

Kamoliddin Behzod haqidagi kitob-albom taqdimoti o`tkazildi

Madaniyat 20.10.2022, 12:14
Kamoliddin Behzod haqidagi kitob-albom taqdimoti o`tkazildi

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida “Kamoliddin Behzod ijodi jahon olimlari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo`lib o`tdi. Unda Sharqning buyuk musavviri, Temuriylar davri renessansining atoqli vakili Behzodning jahonshumul merosi, dunyo madaniyatiga qo`shga hissasi haqida so`z yuritildi. Anjumanda mamlakatimizning taniqli olim va mutaxassislari, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Fransiya, Gollandiya, Hindistondan mehmonlar ishtirok etishdi.  

Kamoliddin Behzod o`zining betakror suratlari, miniatyura san`atining nodir namunalari bilan jahon tasviriy san`ati tarixida o`ziga xos o`rin egallagan. Temuriylar, safaviylar, shayboniylar singari sulolalar madaniyatida muhim iz qoldirgan. 

Konferensiya doirasida O`zbekiston madaniy merosini saqlash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati tomonidan nashr qilingan “Moniyni xijolatda qoldirgan Kamoliddin Behzod” kitob-albomining taqdimoti ham o`tkazildi.  

— Ma`lumki, Behzod Temuriylar davri renessansining ko`zga ko`ringan vakillaridan biri sanaladi. Uning asarlarida Temuriylar davrining eng mashhur tarixiy shaxslari qiyofasi muhim o`rin egallaydi, - deydi Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov. - XV asrning oxirlarida Temuriylar madaniy muhitida  sharqona portret janri miniatyura san`atining mustaqil yo`nalishi  sifatida rivojlana boshladi. Bunda Sharq miniatyurasi, xususan portret janrining betakror namoyandasi Kamoliddin Behzodning hissasi katta. Kamoliddin Behzod tufayli biz Amir Temur, Husayn Boyqaro, Abdurahmon Jomiy, Shayboniyxon singari bir qator tarixiy shaxslarning haqqoniy qiyofalari to`g`risida aniq tasavvurga ega bo`lamiz. Mazkur albomda ana shu nodir suvratlar haqida ham qimmatli ma`lumotlar o`rin olgan.  

Ta`kidlash joizki, shu paytga qadar mamlakatimizda Behzod  ijodini tahlil qilib bera oladigan hamda uning eng nodir asarlarini jamlagan bu qadar yirik asar chop etilmagan. "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasi doirasida bu vazifa birinchilardan bo`lib amalga oshirildi.  

— Behzod o`z davrida yirik miniatyura maktabini yaratgan etuk musavvir hisoblanadi, - deydi. Fransiyadagi Temuriylar assosiasiyasi rahbari Frederik Bressand. – Butunjahon jamiyati har doimgidek juda xayrli ishga qo`l urgan. Kitobda o`ta nodir,  qimmatli suratlar kiritilibdi. Olimlar, mutaxassislar, miniatyura san`ati ixlosmandlari uchun yana bir salmoqli asar dunyoga kelganidan xursandman.  

Albomning "Moniyni xijolatda qoldirgan  Kamoliddin Behzod" deb nomlanishi tarixi uzoq o`tmishga borib taqaladi. O`rta asrlarda hirotlik miniatyurachi rassom iste`dodiga ko`pchilik qoyil qolar, u mahorati bobida hatto III asrda yashab o`tgan, moniylik dini asoschisi, mashhur rassom Moniyni ham ortda qoldirgan, deb hisoblashgan.  

— Hozirga qadar Behzod hayotining ko`p jihatlari yaxshi o`rganilmagan, mazkur albom esa, musavvir hayoti va ijodining noma`lum qirralarini ochishga  oydinlik kiritadi, - deydi filologiya fanlari bo`yicha falsafa doktori Rustam Jabborov. -  Albomni tayyorlash davomida musavvir qalamiga mansub, bugungi kunda jahonning turli muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan miniatyuralar nusxalarini  yig`ish va saralash bilan bog`liq katta ijodiy jarayon amalga oshirildi. Suratlarga boy albom, shubhasiz, ham tadqiqotchilar, olim va mutaxassislar, rassomlar, ham musulmon Sharqi san`ati ixlosmandlari  uchun zarur  nashr bo`lib qoladi.

Konferensiyada Behzod hayoti va ijodi, Sharq miniatyura san`ati rivojidagi o`rni, rassom ijodining o`ziga xos tomonlari, dunyoning turli hududlarida saqlanayotgan Behzod asarlari haqida qiziqarli ma`ruzalar tinglandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1