Prezident Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tor doirada muzokara o`tkazdilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xo`jaligi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo`ldi.
Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yo`nalishlarida katta natijalar bo`lgani ta`kidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar “yo`l xaritasi” asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o`rtasida muntazam muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoev va Serdar Berdimuhamedov ushbu uchrashuv O`zbekiston bilan Turkmanistonning ko`p qirrali strategik sherikligi rivojiga yangi sur`at bag`ishlashiga ishonch bildirdilar.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.