O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Hukumati Raisining o`rinbosari, sanoat va savdo vaziri, qo`shma Hukumatlararo komissiya hamraisi Denis Manturov boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
Komissiya faoliyatining asosiy natijalari, shu jumladan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalardagi o`zaro manfaatli hamkorlik loyihalarini ilgari surish masalalari ko`rib chiqildi.
O`zaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoatda, yoqilg`i-energetika majmuida, kimyo, farmasevtika, to`qimachilik, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperasiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
O`zbekiston va Rossiyaning etakchi korxonalari o`rtasidagi amaliy sheriklikni kengaytirish bo`yicha ikki tomonlama dasturni tayyorlashga kelishib olindi.






