AsosiySiyosat

2023 yilda O`zbekistonda “EI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini o`tkaziladi

'2023 yilda O`zbekistonda “EI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini o`tkaziladi'ning rasmi

2022 yil 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel uchrashuv o`tkazdilar.

Samimiy va do`stona ruhda o`tgan muzokaralar chog`ida Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Sharl Mishel keyingi yillarda O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko`tarilgani va keng ko`lamli tus olganini tasdiqladilar.

Tomonlar Evropa Ittifoqining O`zbekiston va Markaziy Osiyo o`rtasidagi aloqalarni va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga intilishini olqishladilar.

O`zbekiston va EI o`rtasidagi munosabatlarga yangi sur`at bag`ishlash va ularni yanada chuqurlashtirish maqsadida birgalikdagi sa`y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Ikki tomonlama va hududlararo hamkorlik uchun yaratilgan qo`shma mexanizmlar sermahsul ishlayotgani ijobiy baholandi. Ularning salohiyati va imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida birgalikda harakat qilishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlar O`zbekiston va Evroittifoq o`rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson kapitali yo`nalishlaridagi masalalarning keng doirasi bo`yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitim dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladilar.

Prezidentlar ushbu muhim hujjat imkon qadar tez fursatda imzolanishi va ratifikasiya qilinishiga umid bildirdilar.

Tomonlar xalqaro ishlarda va ikki tomonlama munosabatlarda BMT Ustavi va xalqaro huquqning umume`tirof qilingan normalariga qat`iy rioya qilishlarini, hamkorlikni teng huquqlilik, o`zaro anglashuv va manfaatlarni o`zaro hisobga olish tamoyillari asosida qo`llab-quvvatlashlari va rivojlantirishlarini ta`kidladilar.

Evroittifoq tomoni Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatini qat`iy qo`llab-quvvatlashini, ular barqaror bo`lishi va ortga qaytmasligiga umid bildirdi.

Prezidentlar inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohasidagi konstruktiv muloqot va faol hamkorlikni yuksak baholadilar. O`zbekiston va EIning bu boradagi hamkorligini mustahkamlashga bundan buyon ham ko`maklashishga tomonlar qat`iy intiladilar.

Evropa kengashi Prezidenti O`zbekiston rahbariyatining gender tenglikni ta`minlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquq va manfaatlarini qo`llab-quvvatlash masalalariga e`tibori ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladi hamda EI ushbu sohalardagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama ko`makni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Evropa Ittifoqi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to`liq hurmat qilish muhimligini qayd etdi.

EI kompaniyalaridan O`zbekistonga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar, eng yangi texnologiyalar, ilg`or tajriba va yuksak standartlarni jalb qilish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Prezidentlar O`zbekiston bilan Evroittifoq o`rtasida iqtisodiyot, savdo va investisiyalar sohalaridagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini olqishladilar. O`tgan yilning aprel oyida O`zbekistonga “GSP+” tizimining benefisiar mamlakati maqomi berilib, o`zbek mahsulotlarining keng nomenklaturasi EI mamlakatlariga bojsiz etkazib berilishiga imkoniyat yaratilgani bu borada muhim qadam bo`ldi.

Tomonlar EIning Markaziy Osiyo bo`yicha strategiyasi bajarilishini jadallashtirish maqsadida birgalikda chora ko`rish zarurligiga alohida e`tibor qaratdilar hamda 2022 yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida “EI – Markaziy Osiyo” formatida o`zaro bog`liqlik bo`yicha “Barqaror taraqqiyot uchun “Global darvoza” konferensiyasining o`tkazilishini olqishladilar.

O`zbekiston tomoni konferensiyada hamkorlikning ustuvor sohalarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi” qabul qilinishini taklif etishga tayyor.

Barqaror transport yo`laklarini yaratish, shu jumladan Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish o`zaro savdoni ko`paytirish uchun tizimli omil sifatida belgilandi.

Prezidentlar portlarning quvvatlarini kengaytirish, parom va temir yo`l parklarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uyg`unlashtirish, yuklar bilan ishlash va chegaralardan o`tish uchun raqamli echimlarni joriy qilish muhimligini qayd etdilar. Bunday loyihalarni amalga oshirish EIning “Global darvoza” tashabbusi maqsad va vazifalariga to`liq mosdir.

O`zbekiston tomoni o`zaro bog`liqlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo`lini qurish muhimligini ta`kidladi.

O`zbekiston tomoni xorijiy, shu jumladan EI kompaniyalarining to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarini jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar O`zbekiston uchun 2021-2027 yillarga mo`ljallangan EIning moliyaviy-texnik ko`magiga doir ko`p yillik indikativ dasturi tasdiqlangani va amalga oshirilishi boshlanganini olqishladilar.

Ular raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, energetik samaradorlik va suvdan foydalanish sohalarida o`zaro manfaatli hamkorlik uchun mavjud salmoqli salohiyatdan foydalanish, shu jumladan Evropaning ilg`or tajribasini joriy qilish va ushbu sohalarda qo`shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

O`zbekistonning suv-ekologiya masalalari, shu jumladan BMTning Orobo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`psheriklik Trast jamg`armasini tashkil etish borasidagi tashabbuslarini doimo qo`llab-quvvatlab kelayotgani uchun Evroittifoqqa minnatdorlik bildirildi. Uning faoliyatini davom ettirish muhimligi borasida tomonlarning fikri yakdil.

Ta`lim va fan sohasidagi hamkorlikni, shu jumladan “Erasmus+” va “Horizon Europe” dasturlari salohiyatidan foydalangan holda chuqurlashtirish muhim ekani ta`kidlandi. Tomonlar kasbiy ta`lim bo`yicha “DARYA” birinchi mintaqaviy loyihaning amalga oshirilishini olqishladilar.

O`zbekiston tomoni 2023 yilda O`zbekistonda “EI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini o`tkazishni taklif qildi.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyoda o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash borasidagi birgalikdagi sa`y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.

Shu ma`noda, Afg`onistonning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka surunkali tahdidlar manbaiga aylanishiga yo`l qo`ymaslik zarurligi qayd etildi.

Qish davrida yaqinlashib kelayotgan gumanitar falokatning oldini olish, jumladan, afg`on xalqiga gumanitar yordam ko`rsatish xavotir uyg`otayotgan birinchi galdagi masala sifatida qayd etdi.

Tomonlarning o`zaro majburiyatlarini bajarish algoritmini tezda kelishish maqsadida O`zbekiston tomoni o`zining Afg`oniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar olib borish uchun xalqaro guruh tuzish tashabbusini alohida qayd etdi.

Uzoq muddatli barqarorlikka erishish uchun Afg`onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni hamda inson, shu jumladan xotin-qizlar huquqlarini ta`minlash zarurligi yuzasidan mushtarak fikrlar bildirildi.

Yakunda Prezidentlar O`zbekiston va EI o`rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni va sherikliklikni mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy Osiyoni tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot mintaqasiga aylantirish maqsadida yaxshi qo`shnichilik, o`zaro hurmat, ishonch va xalqaro huquqning asosiy normalariga rioya qilish prinsiplari asosida mintaqaviy kooperasiya va o`zaro bog`liqlikni yanada kengaytirishga ko`maklashishga intilishlari qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

    Boshqa yangiliklar