1

“Montaj” filmi Avstriyadagi kinofestivalda ham ishtirok etadi

Madaniyat 31.10.2022, 16:21
“Montaj” filmi Avstriyadagi kinofestivalda ham ishtirok etadi

Kinematografiya agentligi “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan “Debut start 2021” kinofestivalida g`olib bo`lgan ssenariy loyihalari asosida suratga olingan “Montaj” qisqa metrajli badiiy filmi Avstriya poytaxti Vena shahrida bo`lib o`tadigan “Vienna International Film Awards” kinofestivalining final bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritdi. Taqdirlash marosimi 10 dekabr kuni bo`lib o`tadi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Shuningdek, mazkur film Hong Kongda oliy o`quv yurtlari o`rtasidagi “Global University Film Awards 2022” festivalining kengaytirilgan ro`yxatidan joy oldi.

“Montaj” filmi  avvalroq “Moskva premerasi” xalqaro kinofestivali hamda Marokashda o`tkaziladigan VII “Tetauon” xalqaro film maktablari kinofestivali final bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritgani haqida ham xabar bergan edik.

Kinokartina haqida qisqacha: Film oilaning muqaddas ekanligi haqida. Kimki uni qadrlamasa, oxir-oqibat yo`qotadi. Filmda bir-birini tushuna olmagan va hozir alohida yashayotgan oila a`zolarining hayoti haqida ham hikoya qilinadi. Oilaning barcha a`zolari ham mukammal emas. Taqdir g`ildiragi ularni turli manzillarga sochib yuborgan bo`lsa-da, ular oilaviy uchrashuvni kutishadi va xohlashadi. Filmda fotograf Islomning buzilgan oilani tiklashga urinishi aks etgan. Islom hayotdan haqiqiy san`at asarini izlaydi - binolardan, tabiatdan va turli narsalardan. Lekin uni topa olmaydi va u har bir qarindoshining oldiga borib, ularni suratga oladi. Shundan so`ng, u dunyodagi eng go`zal san`at bu oila ekanligini tushunadi.

Film ssenariy muallifi Husnullo Jomonqulov, postanovkachi rejissyor Dilshodbek Usmonov, postanovkachi operator Kamoliddin Ziyovuddinov, postanovkachi rassom Rustam Shoyanov, kartina direktori Ilhom Absalomov, badiiy rahbar To`ychi Ahmedov.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1