AsosiyJamiyat

Samarqandda 15 sutkaga qamalgan erkak shifoxonada vafot etdi(video)

'Samarqandda 15 sutkaga qamalgan erkak shifoxonada vafot etdi(video)'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 15 sutkaga qamalib chiqqan fuqaro shifoxonada vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Ularda uning o`limiga qamoqxonada olgan jarohati sabab bo`lgani aytilgan.

Viloyat IIB Axborot xizmatining holat bo`yicha bayonot berishicha, Oqdaryo tumni “Oytamg`ali” MFYda yashagan fuqaro B.R. Payariq tumani sudining 2021  yil 3 fevraldagi sud buyrug`iga asosan 2 nafar voyaga etmagan farzandlari voyaga etguniga qadar aliment to`lashi belgilangan bo`lsa-da, aliment va moddiy ta`minot pullarini to`lamasdan kelganligi aniqlangan.

Oqdaryo tuman sudining qarori bilan B.R.ga 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan. B.R. ma`muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo`ljallangan Maxsus qabulxonaga 25 oktyabr kuni olib borilgan.

Maxsus qabulxonada B.R.ning tutqanog`i tutib, yiqilib, bosh devor burchagiga urilib, tan jarohati olgan.

"U bilan bir xonada saqlanayotganlar, shuningdek maxsus qabulxona xodimlari unga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatishib, fuqaro RShTYoIM Samarqand filialiga olib borilib, unga tibbiy yordam ko`rsatilgan.

Maxsus qabulxonaga keltirilgandan so`ng ham fuqaro xona ichida o`ziga-o`zi gapirib, ruhiyatida buzilish bo`lgaligi sababli, Maxsus qabulxona boshlig`i xatiga asosan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga uning ruhiy holatini tekshirish uchun yuborilgan.

28.10.2022 yil Urgut tumani “Halqobod” mahallasida joylashgan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida fuqaro vafot etgan", deyiladi rasmiy bayonotda.  

Ta`kidlanishicha, ayni damda holat yuzasidan  prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhumning o`limi sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi, IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.  

 

    Boshqa yangiliklar