Ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari darajasida sermahsul almashinuvlarni davom ettirish, birgalikdagi ishbilarmonlik tashabbuslari va biznes loyihalarini qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini samarali ishga solish, madaniy-gumanitar tadbirlarni o`tkazish muhimligi ta`kidlandi.
Bugun, 1 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, moliyaviy-texnik hamkorlik, shu jumladan «KfW» banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ishtirokida kengayib bormoqda.

"Tashqi siyosiy idora rahbari Annalena Berbok Yangi O`zbekistondagi demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturi Germaniya tomonidan har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotganini yana bir bor qayd etdi.
Tomonlar “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, innovasiyalar, resursni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo`llash, ilg`or ta`lim metodikalarini joriy qilish kabi ustuvor yo`nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi", — deyiladi xabarda






