AsosiyJamiyat

"Yangi O`zbekiston" massivlaridagi uy-joylar risoladagidekmi? Asl vaziyatni o`rgandik (fotoreportaj)

Prezidentning tegishli farmoniga ko`ra, respublikaning barcha viloyat tumanlarida 30 ga ya...

'"Yangi O`zbekiston" massivlaridagi uy-joylar risoladagidekmi? Asl vaziyatni o`rgandik (fotoreportaj)'ning rasmi

Prezidentning tegishli farmoniga ko`ra, respublikaning barcha viloyat tumanlarida 30 ga yaqin “Yangi O`zbekiston” massivlari qurilmoqda. Nisbatan arzonroq bo`lishi kutilayotgan mazkur uy-joylar sifati qanday? Muddat, me`yoriy hujjatlar va xavfsizlik talablari bilan bog`liq masalalar-chi? Massivlar qurilishida qanday oqsoqliklar kuzatilyapti? Bu savollarga javob topish maqsadida Navoiy va Buxoro viloyatlarida qad rostlayotgan “Yangi O`zbekiston” massivlaridagi holatni o`rgandik. 

Birinchi manzilimiz Navoiy viloyati Karmana tumani Do`stlik MFYda qurilayotgan “Yangi O`zbekiston” massivi bo`ldi. Qurilish vazirligi mas`ullari bilan qurilish jarayonlari ketayotgan massiv hududiga kirishimiz bilan ayrim uy-joylarning devor monolitlari notekis terilgani, qurilish maydoni hududi chiqindilardan tozalanmaganiga guvoh bo`ldik.

O`rganishlar natijasida ma`lum bo`ldiki, bu kabi kamchiliklar 2022 yilning iyun oyidan qurilishi boshlangan, 420 ta xonadonli 18 ta uy-joylarga ega mazkur massivdagi normalarga amal qilmaslik bilan bog`liq birinchi holat emas. So`nggi 5 oyda Navoiy viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi bo`yicha olib borilgan tekshiruvlar natijasida uy-joylarning:

  • tashqi pardozlash ishlari sifatsiz bajarilganligi; 
  • devor yuza qatlamlari notekis qilinganligi;
  • devor burchaklarida bir to`g`ri chiziqlik ta`minlanmaganligi; 
  • 11-sonli uyning poydevor armokarkaslari himoya qatlami 50 mm fiksatorlar bilan ta`minlanmasdan, amalda turli xil o`lchamdagi tabiiy toshlardan foydalanilgan holda karkas o`rnatish ishlari bajarilganligi aniqlangan. 

Bu bo`yicha mas`ul xodimlarga tegishli ko`rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olingan. Qurilish ishlari boshlangandan beri massivda 16 marta tekshiruvlar o`tkazilgan bo`lsa, kamchiliklar o`z vaqtida bartaraf etilmaganligi sababli inspeksiya tomonidan 3 marta MJtKning 99-moddasiga asosan ma`muriy ish hujjatlari tayyorlanib, sudlarga oshirilgan.

Qurilishga mas`ullarga vazirlik mutasaddilari tomonidan ko`rsatma va e`tirozlar berilgan so`ng tezkor nazorat jamoasi Buxoro viloyatiga qarab yo`l olishdi. G`ijduvon tumani Baraka MFYda qad rostlayotgan "Yangi O`zbekiston" massivida kamchiliklar Karmanadagi holatga nisbatan ham ko`proq ekanligi ma`lum bo`ldi.

Sifat talablari va me`yorlarga amal qilmaslik bo`yicha hududda qisqa daqiqalarda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:

  • ishchilarning hammasi ham maxsus kiyim-boshda emas; 
  • ob`ektda maxsus saqlash omborlari yo`qligidan armatura va boshqa metall materiallar tuproq erda zang holatda saqlanmoqda;
  • ob`ekt ichki nazorat xodimi va prorab yo`q;
  • g`ishtlar ham, g`isht terish ishlari ham sifatsiz bo`lib, tik choklari qorishma bilan to`liq to`ldirilmagan;
  • ishlatilayotgan armaturalar esa 5 qator o`rniga 3 qator qo`llanilmoqda;
  • ayrim ko`p qavatli binolarda qavatlararo zinalari 2-qavatgacha ko`tarilgan, ammo 4-qavatda ham qurilish ishlari davom etmoqda;
  • erto`lalardagi gidrohimoya ishlari bajarilmagan;
  • A1 turdagi asos armaturalardan foydalanish o`rniga A3 turidan foydalanilgan;
  • noto`g`ri joylashtirilish sababli armaturalar himoya qatlamidan tashqariga chiqib qolgan.

Massivda 24 ta 5 qavatli uy-joylarning qurilishi inspeksiya ro`yxatidan o`tgan. 2022 yilning mart oyida qurilishi boshlangan massivda o`tgan 7 oy davomida 1 ta holatda “Kogon yig`ma servis” MChJ korxonasi tomonidan standart talablariga javob bermaydigan sifatsiz tomyopma plitalari qurilish ob`ektiga etkazib berilganligi uchun, shuningdek, 2 ta holatda qurilish-pudrat korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan MJtK 99-moddasi tegishli bandlari bilan jarima qo`llanilgan.

Sardorbek Usmoniy

 

    Boshqa yangiliklar