Mutaxassislar yaqin kunlarda Erda kuchli magnit bo`ronlari kuzatilishini bashorat qilmoqda. Magnit bo`roni ayniqsa, meteorologik sezuvchan odamlarning sog`lig`iga salbiy ta`sir ko`rsatishi muqarrar.
Bosh og`rig`i kuchayadi, on bsimida «sakrash» boshlanadi, bosh aylanishi paydo bo`ladi.
Kuchli magnit bo`roni 5 noyabr, shanba kuni kutilmoqda. Uning kuchi 5 ball bo`ladi. Kayfiyatning keskin o`zgarishi, quvvatning pasayishi, tushkunlik kuzatilishi mumkin.
«Atmosfera buzilishi» ayniqsa homilador ayollar, qariyalar va yosh bolalarga salbiy ta`sir qiladi. Bundan tashqari, ruhiy kasalliklar bilan og`rigan — asab tizimlari geofizik hodisalarga juda sezgir bo`lgan odamlarning ahvoli yomonlashishi ehtimoli yuqori. Shu bilan birga, ekspertlarning ta`kidlashicha, hatto mutlaqo sog`lom odamlar ham magnit bo`ronining salbiy ta`sirini his qiladi.
«Magnit bo`ronlari yurak-qon tomir tizimi kasalliklari — miokard infarkti, insult, gipertoniya bilan og`rigan odamlarga qattiq ta`sir qiladi. Qon bosimi ko`tariladi, koronar qon aylanishi yomonlashadi.
Bir kun avval bo`g`imlarda og`riq, yurak bezovtaligi, bosh og`rig`i kuzatiladi, uyqu buziladi», — deydi mutaxassis.
Shifokor tavsiyalari
Shifokorlar magnit bo`ronlari paytida ayrim qoidalarga rioya qilishni maslahat berishmoqda:
Gipertonik bemorlar ko`proq suv ichishi va tuz iste`molini kamaytirishi kerak, chunki tuz tanadagi suyuqlikni ushlab turadi va bosimning oshishiga olib keladi.
Shuningdek, magnit bo`ronlari paytida tinchlantiruvchi damlama qabul qilish, jismoniy faoliyatni cheklash, etarlicha uxlash, to`g`ri ovqatlanish, sport bilan shug`ullanmaslik tavsiya etiladi.
Qonning ivishi va trombositlar faoliyatining kuchayishi qonni suyultiradigan vositalarni qabul qilishni taqozo etadi. Lekin har qanday holatda ham shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Ob-havo sharoitlari ta`sirini minimallashtirish uchun doimo salomatlikni yaxshilash muhimdir. Buning uchun esa: «Nafaqat dori-darmonlardan foydalaning, balki jismoniy tarbiya bilan shug`ullaning, ish va dam olish tartibini to`g`ri tashkil qiling, muvozanatli ovqatlaning», — deya xulosa qildi shifokor.
Astronomlar nima deydi?
Vaqti-vaqti bilan Quyoshda va yulduzning ichki qismida chaqnashlar va zarba to`lqinlari sodir bo`ladi. Natijada, energiya zarralari turli yo`nalishlarda «tarqaladi», ularning bir qismi Er magnitosferasiga tushadi. Zarba to`lqini magnitosfera bilan to`qnashganda sayyora «qalqoni» tebranib, titray boshlaydi. Bunday tebranishlar magnit bo`ronlari deb ataladi.
«Magnit bo`ronlari sayyoraviy xususiyatga ega bo`lib, Er va erga yaqin kosmik fazoga global ta`sir ko`rsatadi. Bo`ron paytida butun erning magnit maydoni «bezovtalanadi». Bu buzilishlar turli hodisalarga olib keladi. Er atmosferasining barcha qatlamlari — ionosfera, plazmasfera, magnitosfera o`zgarishlarga uchraydi. Energetik zarralar va oqimlar paydo bo`ladi», deydi mutaxassis.
Har qanday kosmik hodisa natijasida energiya to`lqinlari deb ataladigan tebranishlar paydo bo`ladi. Ushbu to`lqinlar inson organizmiga bevosita ta`sir qiladi.
«Magnit bo`ronlari sodir bo`lganda, Er atmosferasi qiziydi, havo bosimi o`zgaradi va odamlarda bosh og`rig`i, bo`g`imlar va boshqa kasalliklar zo`rayadi», deya qo`shimcha qildi ekspert.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, insult, yurak xuruji va gipertonik kasalliklarning 70 foizi magnit bo`ronlari paytida sodir bo`ladi. Mutaxassislar, yuqoridagi ba`zi qoidalarga rioya qilish salomatlik va hatto hayotni saqlab qolishga yordam beradi, deb umid qiladi.






