1

Saraton hujayralari o`z-o`zini yo`q qilishi mumkin

Salomatlik 20.11.2022, 14:52
Saraton hujayralari o`z-o`zini yo`q qilishi mumkin

Rossiyalik olimlar bemorlar organizmida saraton hujayralarini yo`q qilishning yangi usulini topdi. Bu jarayonni tabiiy va sintezlangan molekulalar kombinasiyasidan foydalangan holda amalga oshirish taklif qilinmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lumki, inson tanasidagi hujayralar odatda o`z zimmasidagi vazifalarni ado etgach, ya`ni rivojlanish siklini tugatgandan so`ng o`z-o`zini yo`q qilish xususiyatiga ega. Bu organizmda ular soni me`yorda bo`lishini ta`minlaydi.  

️Ammo patologik o`zgarishlar tufayli saraton hujayralarida ushbu mexanizm ishlamaydi. Oqibatda ular nazoratiz ravishda bo`linishda davom etadi.

Rus olimlari saraton hujayralarida ayni shu xususiyatni “uyg`otish” ustida ish olib bordi. Buning uchun bispidin hosilasi bilan poliaminlar kombinasiyasidan foydalanish lozim, degan xulosaga kelindi.  

Aytish joizki, poliaminlar hujayralar hayotiy faoliyati uchun zarur bo`lib, ularning bispidinlar ishtirokida bo`linishi o`z-o`zini yo`q qilishiga olib keladi. Natijada faqat o`simta hujayralarining o`zigina nobud bo`ladi va sog`lom hujayralar omon qoladi.

Olimlarning ta`kidlashicha, bu — hozircha faqat tadqiqot. Uning amaliy samarasi klinik sinovlarda to`liq namoyon bo`lishi mumkin.

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1