⚡️Rossiyada cho`chqa grippi epidemiyasi avj olmoqda

Dunyo 30.11.2022, 20:33
⚡️Rossiyada cho`chqa grippi epidemiyasi avj olmoqda

Qariyb uch yil davomida asosan koronavirusni jilovlash bilan band bo`lgan insoniyat endi boshqa epidemiologik kasalliklar bilan ham ro`baro` kelmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, uzoq vaqt “uyqu”da bo`lgan mpox (maymun chechagi), vabo, Ebola, cho`chqa grippi kabi qator xavfli infeksiyalar so`nggi oylarda dunyo ahli salomatligiga yana jiddiy xavf sola boshladi.  

Xususan, hozir aksariyat davlatlarda gripp virusi avj olgan mavsum. Ustiga-ustak, ayrim mintaqalarda bu epidemiya boshqa yuqumli kasalliklar bilan birga kechyapti.

Xususan, Rossiya Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish federal xizmati shu kunlarda mamlakatda cho`chqa grippi keng tarqalayotgani haqida xabar berdi. Hozirgacha ushbu virus davlatning 55 ta ma`muriy hududida ro`yxatga olingan.  

Xastalikning aniqlanayotgan mutasiyalari orasida A (H1N1), A (H3N2) va B shtammlari ustuvorlik qilyapti. Mutaxassislarning izohlashicha, bu kasallikni an`anaviy gripp turlaridan alomatlari orqali farqlash qiyin. Chunki yuqori tana harorati, tomoq, bosh va mushaklardagi og`riqlar, yo`tal, holsizlik, bezovtalik kabi simptomlar har ikkisiga xos. Shu bois aniq tashxis qo`yish uchun maxsus PZR testlari talab etiladi.  

Eslatib o`tamiz, 2009 yilda jahon bo`yicha ommaviy cho`chqa grippi epidemiyasi kuzatilgan edi. O`shanda bir yil davomida 60,8 million nafarga yaqin odam ushbu xastalik bilan kasallangan. Achinarlisi, bemorlardan 12,4 ming nafari infeksiya oqibatida hayotdan ko`z yumgan.  

 

Sharhlar