AsosiyJamiyat

E-qaror platformasida qarorlarning e`lon qilish yoki qilmaslik faqatgina hujjatni qabul qilgan shaxs – hokimga berilgan.

'E-qaror platformasida qarorlarning e`lon qilish yoki qilmaslik faqatgina hujjatni qabul qilgan shaxs – hokimga berilgan.'ning rasmi

E-qaror platformasida yopiq qarorlar ham ma`lum cheklovlar bilan aks etayotgani ijtimoiy tarmoqlar orqali tanqid ostiga olingan edi. Tanqidlarda Adliya vazirligi shu yo`l bilan hokimlarga o`z qarorlarini yashirishlari uchun qonuniy asos yaratib bermayaptimi? degan savol o`rtaga tashlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan tanqidlar yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi.

Ta`kidlanishicha, jamoatchilik vakillari va foydalanuvchilardan kelib tushgan takliflar asosida ochiqlik, shaffoflikni ta`minlash hamda tizimdan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 2 dekabridan boshlab “E-qaror” elektron tizimiga quyidagi o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan:

  • zamonaviy texnologik yangiliklardan kelib chiqib tizim ikkiga ajratildi (monolit tuzlishdan front-end va back-endga ajratildi);
  • tizimning avvalgi versiyasida yashirin qabul qilingan hokimlik hujjatlari umumiy qabul qilingan hujjatlar ro`yxatida va statistikada aks etmagan, yangi talqinda esa yashirin qabul qilingan hokimlik hujjatlari tartib raqami va qabul qilingan sanasi umumiy ro`yxatda taqdim etilmoqda;
  • tizimning avvalgi versiyasida stastika bo`limida hokimlik tomonidan qabul qilingan yashirin hujjatlar ko`rsatgichi taqdim etilmasdi, endi esa ushbu ko`rsatgichlar ham keng jamoatchilikka oshkor etilmoqda;
  • tizimning kengaytirilgan qidiruv bo`limida hokimlik tomonidan qabul qilingan yashirin hujjatlar ro`yxatini qidirish bo`yicha funksiyasi joriy etildi;
  • tizimning asosiy sahifasi dizayni yangilandi, tizim ishlash tezligi va samaradorligi oshirildi.

 

"Ikkinchidan, avval ham ta`kidlanganidek qonunchilikka muvofiq hokimliklar tomonidan ayrim hollarda foydalanilishi cheklangan axborotlarni (mudofaa, xavfsizlik, shaxsga doir ma`lumotlar, vasiylik va homiylik hamda boshqalar) o`z ichiga olgan qaror va farmoyishlar qabul qilinadi.

Hukumat qaroriga (https://lex.uz/docs/5470461) ko`ra, hokim (kengash raisi) hujjat loyihasini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi, imzolangan va maxsus raqam bilan ro`yxatga olingan hujjatni Tizim bosh sahifasida avtomatik tarzda e`lon qiladi (yuqoridagi holatlar bundan mustasno).

Shunga ko`ra, hokim (kengash raisi)ga qaror imzolanishidan avval mazkur hujjatni qabul qilinishi bilanoq Tizim bosh sahifasida avtomatik tarzda e`lon qilish yoki aksincha e`lon qilmaslik masalasini belgilash imkoniyati yaratilgan", deyiladi vazirlikning javobida.

Ma`lum qilinishicha, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Tizim ishga tushirilgandan buyon hozirga qadar 266 mingdan ortiq qaror va farmoyishlar qabul qilindi (shundan 40 mingga yaqin hokimlik hujjatlari e`lon qilinmagan).

"Mazkur qarorlarning har birini Tizim orqali e`lon qilish yoki qilmaslik masalasini ko`rib chiqish huquqi qonunchilik talabiga asosan faqatgina hujjatni qabul qilgan shaxs – hokim (kengash raisi)ga berilgan.

Uchinchidan, hokimlik tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning monitoringini yuritish nafaqat adliya organlari tomonidan, balki prokuratura organlari (https://lex.uz/docs/5870331) tomonidan ham amalga oshiriladi", deyilgan munosabatda. 

Adliya organlari tomonidan o`tkazilgan monitoringlar davomida quyidagilar aniqlangan:

  •  2 800 ga yaqin hokimlik hujjatlari asossiz ravishda e`lon qilinmaganligi aniqlandi hamda ushbu qarorlarni tizim foydalanuvchilari uchun ochiq holatda bo`lishi ta`minlandi;
  • 2 200 ga yaqin foydalanilishi cheklangan axborotlarni o`z ichiga olgan hokimlik hujjatlari asossiz ravishda e`lon qilinganligi aniqlandi hamda ushbu qarorlarni e`lon qilish yuzasidan cheklov o`rnatildi.

"Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, adliya organlari tomonidan “E-qaror” elektron tizimi orqali hokimlik hujjatlarini ishlab chiqish, qabul qilish va e`lon qilish jarayonlari doimiy monitoring qilib boriladi hamda hokimliklarning mahalliy norma ijodkorligi faoliyatida qonuniylikni ta`minlash borasida vazirlik oldiga qo`yilgan vazifalar so`zsiz ta`minlanadi.

Xususan, vazirlik tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimining 1 oyda 170 ta hujjatlari qabul qilgani va ularning qariyb 100 tasi jamoatchilikdan yashirilganligi holati yuzasidan o`rganish o`tkazilib, assosiz ravishda yashirilgan 31 ta hokimlik hujjatlarini tizim foydalanuvchilari uchun ochiq holatda bo`lishi ta`minlandi.

Shuningdek, shaxsga doir ma`lumotlarni o`z ichiga olgan xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining 2022 yil 20 oktyabrdagi VI-43-162-1-0-K/22-son qarori e`lon qilinishi yuzasidan cheklov o`rnatildi.

To`rtinchidan, “E-qaror” elektron tizimi joriy etilgan vaqtda boshlab hozirga qadar bo`lgan davrda tizimdan foydalanuvchilar, hokimlik va davlat idoralari, jamoatchilik vakillaridan 100 dan ortiq taklifdar kelib tushdi.

Ushbu takliflar asosida “E-qaror” elektron tizimi funksional imkoniyatlari kengaytirilib, foydalanuvchilar uchun qulay va shaffof tizimga aylantirildi", - deyiladi Adliya vazirliging tanqidlarga javobida.

Qayd etilishicha, bundan keyin ham doimiy ravishda “E-qaror” elektron tizimi jamoatchilik vakillari va tizim foydalanuvchilaridan kelib tushgan takliflar asosida modernizasiya qilib boriladi. Shu o`rinda, “E-qaror” elektron tizimi hokimliklar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash maqsadida ishlab chiqilganligini inobatga olgan holda Adliya vazirligi OAV, jurnalistlar va blogerlarni jamoatchilik nazoratini o`rnatishdagi faolliklarini qo`llab quvvatlab, bu borada qonun ustuvorligini ta`minlashda ularning ko`magiga suyanishi aytilmoqda. 

 

 

    Boshqa yangiliklar