Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 280-maktabda o`quvchilar sham yorug`ida dars o`tayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Holat bo`yicha tuman hokimligi rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, bu surat shu yilning 6 dekabr kuni olingan bo`lib, o`sha kuni maktab joylashgan mavzeda katta nosozlik yuz bergan, shu sababli o`quvchilar chiroqsiz dars o`tishgan.
Izoh berilishicha, maktab joylashgan hududda ortiqcha yuklama bo`lgani tufayli transformator podstansiyasida shaxmat taxtasi tartibida elektr quvvati vaqtincha o`chirilgan. O`sha kuni maktabdagi 66 ta sinfxonadan 17 tasida elektr ta`minoti bo`lmagan.
"Bulutli ob-havo tufayli ertalab sinfxonalarda odatdagi kunlarga qaraganda yorug`lik pastroq bo`lgani uchun o`qituvchilardan biri o`z tashabbusi bilan sham yoqqani ma`lum bo`ldi”, deyiladi bayonotda.
Qo`shimcha qilinishicha, elektr ta`minotidagi muammo bo`yicha maktab ma`muriyatining Chilonzor tuman xalq ta`limi bo`limi va hokimlik huzuridagi shtabga xabar etkazilgan. So`ng 7 dekabr kuni tarmoqdagi muammo tuman Elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan bartaraf etilgan.
Hozirda maktab elektr quvvati bilan to`liq ta`minlangan.






