Belgiya polisiyasi maxsus reyd davomida Bryusseldagi 16 ta turar-joy va ofis binolarida tintuv o`tkazdi. Bu haqda "Tribuna.uz" xabar bermoqda.
Shuningdek, to`rt kishini hibsga oldi. Ular orasida Evroparlamentning sobiq va amaldagi deputatlari ham bor.
Huquq-tartibot idorasi hibsga olinganlarning ismini oshkor qilmayapti, biroq turli manbalarga ko`ra, ular orasida Evropaparlament vise-prezidenti, gresiyalik Eva Kayli, Evropaparlamentning sobiq deputati, italiyalik Antonio Pancheri va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederasiyasi bosh kotibi Luka Visentini bor.
Ularning barchasi Qatar-2022 jahon chempionatini tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq korrupsiyada gumon qilinmoqda.
Belgiya polisiyasi fikriga ko`ra, hibsga olinganlar pora evaziga nufuzli musobaqaga aynan Qatar mezbonlik qilishiga hissa qo`shgan. Shuningdek, ular boshqa deputatlarga, jumladan, Evropa Ittifoqining Qatarga nisbatan siyosatiga ham ta`sir o`tkazgan.
Xabar qilinishicha, Pancherining uyidan 500 ming evro naqd pul solingan jomadon topilgan.
Belgiya prokuraturasining ta`kidlashicha, "Federal sud polisiyasi tergovchilari Qatarni Evroparlamentning iqtisodiy va siyosiy qarorlariga bir necha oy davomida ta`sir etganlikda gumon qilishmoqda".
Endi Qatar davlati "Evroparlamentda muhim siyosiy va strategik maqomga ega amaldorlarni ta`qib qilish, ularga katta miqdordagi pul va qimmatbaho narsalarni berish"da ayblanmoqda.