Prezident Shavkat Mirziyoev 22 dekabr kuni "Tadbirkorlik sub`ektlarining eksport faoliyatini qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmonni imzoladi.
Mazkur hujjat bilan Eksportni rag`batlantirish agentligi tomonidan eksportoldi moliyalashtirish uchun ajratiladigan resurslardan berilgan kreditlarni o`z vaqtida so`ndirib kelayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga amaldagi kreditning so`ndirilgan qismiga mutanosib ravishda qo`shimcha kreditlar ajratish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar Evropa, Turkiya, Misr va Marokash davlatlariga gazlama va trikotaj mato mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlarining 70 foizgacha miqdorida kompensasiya qilishga subsidiyalar berilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, paxta, kungaboqar, makkajo`xori va soya yog`idan tashqari barcha o`simlik yog`larini eksport qilishga ruxsat berilmoqda.






