AsosiySalomatlik

Tumovga chalinmaslik uchun 10 tavsiya

1.  Qo`llaringizni yuving! 
Bu qoida hammaga ma`lum. Qo`lingizni yuvishning iloji bo`lmasa, albatta nam salfetka bilan bo`lsa-da arting. Viruslar tashqi muhitda bir necha soat yoki kun yashashi mumkinligini unutmang.

2.  Ko`proq sayr qiling!
Xonani tez-tez shamollatib turing. Ko`proq vaqtingizni toza havoda o`tkazishga harakat qiling. Xona havosi o`zgartirilmasa, undagi mikroblar miqdori oshib boraveradi. Uy issiqligi — kasallikdan muhofaza, degani emas. Issiq xonada burun shilliq pardalari quruqlashadi va organizmga virus tushishi osonlashadi.

3.  Ertalabki badantarbiya
Ertalab albatta faol harakatlar qiling va chuqur-chuqur nafas oling. Nafas olish natijasida qonga kislorod tushishi osonlashadi va modda almashinuvi yaxshilanadi. Organizmning viruslarga qarshilik  ko`rsatishini ko`chaytiradi. 

4. Sigareta tutunidan nafas olmang!
Bolalar ham sigareta tutunidan nafas olishlariga yo`l qo`ymang. Bunday tutun burun shilliq pardalarini quritib, organizmdan viruslarni haydab chiqarishga yordam beradigan nafas yo`llaridagi mitti tukchalar harakatini to`xtatadi.  

5.  Hordiq 
Kuniga hech bo`lmaganda yarim soatga o`zingizga dam bering, o`zingiz uchun yoqimli ish bilan shug`ullaning. Ijobiy hissiyotlar natijasida organizmimizni viruslardan muhofaza qiluvchi immun tizimi faollashadi. 

6.  Atrofingizdagilarni unutmang!
Yo`talganda yoki aksirganda og`zingizni ro`molcha bilan bekiting. Biroz shamollagan bo`lsangiz ham, maxsus doka niqob taqib yurishni kanda qilmang. Bu kabi infeksion kasalliklar havo-tomchi yo`li orqali yuqadi. Yo`talganda yoki aksirganda virus 10 metr uzoqlikka ham etib borishi mumkin.

7.  Ko`proq suyuqlik iching!
Organizmni toksinlardan tozalash uchun kuniga 2 litr suyuqlik ichish lozim. Suyuqlik tanani namlik bilan ta`minlaydi va sog`ayishga halal berayotgan toksinlarni haydaydi. 

8.  Vitaminlar qabul qiling!
Kuz va bahor mavsumida vitaminlar qabul qilish bilan birgalikda, meva-sabzavotlardan ko`proq eng. Qizil, sariq rangli sabzavot va mevalar viruslarning dushmani bo`lgan S vitaminiga boy. 

9.  Hammom 
Bug`li hammomda 80 darajali haroratda shamollash viruslari nobud bo`ladi.

10.  Qatiq iching!
Kuniga bir stakan qatiq iching. Bu shamollash kasalliklariga chalinish xavfini 25 foizga kamaytiradi. Qatiq tarkibidagi foydali bakteriyalar infeksiyalarga qarshi kurashuvchi moddalarni ishlab chiqaradi.

Boshqa yangiliklar