O`zbekiston – Ozarbayjon Investisiya jamg`armasi tashkil etiladi

Iqtisodiyot 25.12.2022, 17:58
O`zbekiston – Ozarbayjon Investisiya jamg`armasi tashkil etiladi

O`zbekiston hukumati delegasiyasining Ozarbayjonga tashrifi doirasida investisiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo`jaev va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov o`rtasida muzokaralar bo`lib o`tdi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, muloqot chog`ida savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko`lamli kun tartibi ko`rib chiqilgan.

O`zaro savdoning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 2021 yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, 2022 yil boshidan esa yana 52 foizga oshdi. Kelgusi davrda tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish uchun imkoniyat va resurslar mavjudligi ta`kidlandi. Tomonlar talabga ega mahsulotlar nomenklaturasini shakllantirish va etkazib berishni ko`paytirish, ikkala mamlakatlarga savdo va ishbilarmonlik missiyalarini tashkil qilish, yirik shaharlarda milliy mahsulotlar ko`rgazmalarini o`tkazish, savdo tarmoqlarida meva va sabzavot mahsulotlarini, oziq-ovqat, to`qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlarini o`zaro etkazib berish bo`yicha uzoq muddatli savdo shartnomalarini tuzishga kelishib oldi.

Shuningdek, sanoat kooperasiyasi va sarmoyaviy sheriklik sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida ko`rib chiqildi. O`zbekiston—Ozarbayjon Investisiya jamg`armasini tashkil etish bo`yicha qo`shma ishlarni jadallashtirish, shuningdek, umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq bo`lgan 5 ta yirik loyihaning moliyaviy-texnikaviy jihatlarini ishlab chiqishdan o`zaro manfaatdorlik bildirildi. Mazkur yo`nalishlarda sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo`yicha ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Yig`ilish ishtirokchilari qo`shma korxonalarni, jumladan, avtomobillar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari va engil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida e`tibor qaratdi.

Kun tartibida transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi ham muhim o`rin tutdi. Ikki mamlakat hududlari orqali yuklarni, jumladan, kundalik ehtiyojdagi tovarlarni tashish hajmini bir necha barobar oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilish maqsadida Xalqaro avtomobil transporti bo`yicha Aralash komissiyaning birinchi yig`ilishini o`tkazishning tashkiliy jihatlari kelishib olindi. Shu nuqtai nazardan, transport infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari ham qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar Ozarbayjon—O`zbekiston Investisiya jamg`armasini tashkil etish bo`yicha o`zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur jamg`arma, ta`kidlanganidek, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, sanoat kooperasiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1