“2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–813, 30.12.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qonun bilan 2023 yil uchun O`zbekistonning konsolidasiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog`liq munosabatlar tartibga solindi.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy davlat dasturlarining belgilangan miqdorlari Qonunga o`zgartish kiritilmasdan ko`paytiriladi.
O`zbekiston byudjet tizimi byudjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo`yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun etarli asoslar mavjud bo`lmagan hollarda:
- respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
- 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.
️O`zbekiston nomidan va O`zbekistonning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko`rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.
2023 yil uchun O`zbekiston konsolidasiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi.
Qonunga ko`ra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga to`liq hajmda o`tkaziladi:
- ️jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig`i;
- ️jismoniy shaxslardan olinadigan er solig`i;
- ️mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to`g`risidagi deklarasiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to`lanadigan, shuningdek YaTTlar tomonidan to`lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i;
- ️suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to`lanadigan soliq mustasno;
- ️noruda qurilish materiallari bo`yicha er qa`ridan foydalanganlik uchun soliq.
Qonun 2023 yil 1 yanvardan e`tiboran kuchga kiradi.