1

"Farg`onaazot" Singapurning Indorama Corporation kompaniyasiga 140 million dollarga sotilmoqda

Iqtisodiyot 18.01.2023, 10:44
"Farg`onaazot" Singapurning Indorama Corporation kompaniyasiga 140 million dollarga sotilmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi "Farg`onaazot" ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish bo`yicha Indorama Corporation (Singapur) kompaniyasi bilan kelishuvga erishilganini ma`lum qildi. Bu haqda Farg`ona viloyati hokimligi xabar qilmoqda. 

Ma`lum qilinishicha, joriy yil 16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoevning Singapurga davlat tashrifi arafasida Singapurda tashkil etilgan Biznes-forumda "Farg`onaazot" ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketi bo`yicha oldi-sotdi shartnomasining asosiy shartlari (Term sheet) to`g`risidagi Kelishuv imzolandi.

Xususiylashtirish jarayoniga Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi etakchi konsultant, Xalqaro Moliya Korporasiyasi (IFC) strategik maslahatchi, KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etildi.

Eng maqbul taklif Singapurning Indorama Corporation kompaniyasi tomonidan taqdim etildi. Taklifga ko`ra, sotib olish qiymati qariyb 140 million dollar (130 mln. dollar va 107 mlrd. so`m)ni tashkil etadi.

Shuningdek, investor tomonidan korxonani modernizasiya qilish uchun 100 million dollar miqdoridagi investisiya kiritish majburiyati olinadi.

Kelishilgan shartlarga ko`ra, Investorning majburiyatlariga Korxonaning barcha joriy ijtimoiy dasturlarini saqlab qolinishi, jumladan, xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik, xodimlarning malakasini oshirish hamda zamonaviy ekologik nazorat tizimini ishlab chiqish kiradi.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o`tkazish bo`yicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma`qullangan.

Bitimni to`liq yakunlash uchun, Korxonaga ishlab chiqarish maqsadlari lozim bo`lgan ehtiyojlarni, shu jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning erkin bozorini yo`lga qo`yish va tabiiy gaz ta`minoti kabi masalalarning normativ huquqiy echimini ta`minlash zarur bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1