1

SSV: O`zbekistonda immunobiologik preparatlar va onkologik kasalliklarni davolovchi dori vositalari ishlab chiqariladi

Salomatlik 18.01.2023, 23:44
SSV: O`zbekistonda immunobiologik preparatlar va onkologik kasalliklarni davolovchi dori vositalari ishlab chiqariladi

Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov O`zbekistonda immunobiologik preparatlar va onkologik kasalliklarni davolovchi dori vositalari ishlab chiqarilishini ma`lum qildi. 

Vazirning so`zlariga ko`ra:

— Prezidentimizning Singapurga davlat tashrifi doirasida farmasevtika yo`nalishi bo`yicha ikkita kelishuv bitimi imzolandi.

Ushbu mamlakatning “Meynxardt Grup” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan Loyihalashtirish va injiniring markazi bilan immunobiologik preparatlar ishlab chiqaruvchi, umumiy qiymati 49 million AQSh dollariga teng farmasevtika korxonasi ochilishi belgilandi.  

Unga muvofiq, yurtimizda kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonida qo`llaniladigan quyidagi preparatlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi:

  • vaksina, anatoksin, probiotik va eubiotiklar;
  • immunoglobulin va immun zardoblari, gen injenerligi yo`li bilan olingan monoklonal antitanalar;
  • immun korreksiyasi, immun tanqisligi muolajasi va profilaktikasida qo`llaniladigan immunomodulyatorlar (interleykin, interferon, timus gormonlari, mielopeptidlar, o`sma nekrozi omili, o`sish omillari va boshqalar).  

️Bundan tashqari, “SiPiDji Interneyshnl” kompaniyasi hamkorligida ochilayotgan O`zbekiston — Singapur investisiya korxonasi bilan ildiz hujayralari asosida dori vositalari tayyorlovchi biofarmasevtika kompleksini tashkil etishga qaratilgan qiymati 100 million dollarlik loyihani ro`yobga chiqarishga kelishildi.

Ma`lumki, ildiz hujayralari o`z-o`zidan ko`payish, mitoz yordamida bo`linish va maxsus hujayralar hosil qilish, ya`ni turli a`zo va to`qimalarga aylana olish xususiyatiga ega. Zamonaviy tibbiy amaliyotda ulardan onkologik, xususan, leykoz kabi qator kasalliklarni davolashda foydalaniladi.  

Ildiz hujayralari yordamida jarohat yoki degenerativ xastaliklar natijasida o`zgarishga uchragan to`qimalarni tiklash mumkin.  

Shu ma`noda, loyihaning amalga oshirilishi tufayli onkologik kasalliklar muolajasi, ko`mik to`qimalari transplantologiyasi hamda  markaziy asab tizimi hujayralarini tiklashda qo`llaniladigan biofarmasevtik vositalar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1