O`zbekistonda nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar), shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda), 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda), 16 yoshga to`lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (129-modda) jinoyatlari uchun jazo choralari og`irlashtirilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O`rinboeva ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, Oliy Majlis Senati ishchi guruhi va Adliya vazirligi tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihaci ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasida shuningdek, o`n sakkiz yoshga to`lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo`rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga etmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan jazodan tashqari boshqa javobgarlik va ta`sir choralari ham kuchaytirilib, xususan, ularga nisbatan:
- jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog`i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo`llanilmasligi;
- tamom bo`lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda engillik berilmasligi nazarda tutilgan”, deya ma`lum qilgan O`rinboeva.
“Bola huquqlari kafolatlari to`g`risida”gi Qonunga ham yangi norma kiritilishi taklif etilgan. Unga ko`ra, yuqoridagi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslar voyaga etmaganlarga xizmat ko`rsatiladigan ta`lim muassasalari va sog`liqni saqlash muassasalarida ishlashlari taqiqlanadi.
"Ayni vaqtda Qonun loyihasi bo`yicha jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar umumlashtirilmoqda. Hujjat loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi”, –deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, Toshkentda 12 yoshli qizchaga zo`rlik qilib, so`ngra uni o`ldirgan shaxs qo`lga olingani haqida xabar bergan edik.