O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov bugun¸ 8 fevral kuni Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, epimarkazi Turkiyada sodir bo`lgan dahshatli zilzila oqibatida halok bo`lganlar xotirasiga bag`ishlangan hamdardlik kitobiga o`z qaydini qoldirdi. Bu haqda “TRT Avaz” xabar berdi.
“Turkiyada ro`y bergan dahshatli zilzilalar natijasida ko`plab insonlarning halok bo`lgani va jarohatlangani qardosh o`zbek xalqining qalbini chuqur larzaga soldi. Biz strategik hamkorimiz – Turkiyaning dardiga sherikmiz. Sizning dardingiz bizning ham dardimiz. Biz mana shu og`ir damlarda yoningizda elkama-elka turishga, og`ir sinovlarni birgalikda engib o`tishga, barcha zarur yordamni ko`rsatishga tayyormiz”, deb yozgan Saidov o`z qaydida.
Bundan tashqari, Saidov Turkiyaning Toshkentdagi elchisi O`lgan Bekarga hamdardlik bildirgan.
“Turkiyadagi voqealarni yaqindan kuzatib boryapmiz. Ayni damda Turkiyaga gumanitar yordamning birinchi partiyasi etkazildi. Yaqin kunlarda yana gumanitar yuk jo`natiladi”, degan tashqi ishlar vaziri.
08.02.2023 20:52
O`zbekiston TIV Turkiya elchixonasiga borib, hamdardlik xatini qoldirdi
