Shu yilning 6 fevral kuni Turkiya janubiy-sharqida 9 soatlik farq bilan - 7,7 va 7,6 magnitudaga teng ikkita zilzila qayd etildi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`oning fikricha, 1939 yildan beri qayd qilingan eng fojiali zilzila bo`ldi. Er qimirlashlari mamlakatning o`nlab viloyatlarida, shuningdek qo`shni mamlakatlarda ham sezildi.
Bu galgi zilzila 1939 yildan beri Turkiya bo`ylab sharqdan g`arbga, Shimoliy Onado`li yorig`i bo`ylab «harakatlanayotgan» 7,0 magnitudali zilzilalar qatoridagi sakkizinchisi bo`ldi.
Bilamiz, Turkiya turizm mamlakati. Bir yilda Turkiyaga keladigan sayyohlar soni 50 millionga yaqinlashib qoldi. Mamlakat janubi–sharqida yuz bergan zilzila Turkiya janubidagi Antaliya, Alaniya yoki Izmir kabi sayyohlik markazlariga ta`sir ko`rsatadimi, degan savol va havotirlarni uyg`otdi.
Deylik, hukumat zilziladan jabrlanganlarning bir qismi Antaliyadagi mehmonxonalarga joylashtirilishi borasida ma`lum qildi. Tahlilchilarning fikricha, Gaziantep shahrida yuz bergan zilzila Turkiya sayyohlik sohasiga deyarli salbiy ta`sir ko`rsatmaydi. Jabrdiydalar ma`lum vaqt, masalan may oyigacha mehmonxonalarga joylashtiriladi (ularning mehmonxonalarda yashashlari uchun haq xukumat tomonidan qoplanadi).
Antaliyada sayyohlik mavsumi asosan iyun-avgust oylariga to`g`ri keladi. Mutaxassislar, masalan Rossiya turoperatorlari Assosiasiyasi zilzila Turkiya kurortlaridagi xizmat ko`rsatish sifatiga ta`sir ko`rsatmasligiga umid qilmoqda. Assosiasiya ijrochi direktori Maya Lomidzening aytishicha, zilziladan aziyat chekkan mintaqalar rossiyalik sayyohlar orasida mashhur bo`lmagan.
“Ko`p yillik tajribamizdan xulosa qilsak bo`ladiki, tabiiy kataklizmalar nufuzli yo`nalishlardagi vaziyatni o`zgartirmaydi”, – deydi “ITM group” turoperatori bosh direktori Konstantin Malkov. Uning aytishicha, ko`p yillar mobaynida Turkiya – noyob turistik salohiyat yarata oldi.
Darhaqiqat, siyosiy inqirozlar (davlat to`ntarishiga bo`lgan urinish) ham, pandemiya ham Turkiyaning turistik salohiyatiga deyarli salbiy ta`sir ko`rsata olmadi. Tahlilchilarning fikricha, may oyiga qadar Turkiya turistik salohiyatini to`la tiklay oladi.
Tan olish kerak, 6 fevraldan keyin zilziladan halok bo`lganlar oilasi va jabrdiydalarga hamdardlik maqsadida jahon bo`ylab sayyohlarning Turkiyaga kelishi qisqardi. Ayni damda Turkiya o`ziga kelmoqda. Hayot davom etishini turkiyaliklarning o`zlari yaxshi tushinishadi. Buning ustiga zilzila episentri bo`lmish Gaziantep shahri turizm markazi sanalmish Alaniyadan 626 km, Antaliyadan 823 km, Izmirdan 1100 kmdan ziyod uzoqlikda joylashgan.
Jahon mamlakatlarida Turkiyaga sayohat qilishni xush ko`ruvchilar soni bilan qiziqdik. Ma`lum bo`lishicha, Rossiyada Antaliya kurortlarini oldindan buyurtma qilish avvalgi ko`rsatkichga chiqa boshlagan. Shu o`rinda buyurtma haqida qisqacha ma`lumot. Deylik mavsumda yo`llanma 1000 (ming) dollarga sotilsa, hozir yo`llanma narhi 500 (besh yuz) dollar turadi. Rossiyada buyurtmalash zilzilagacha bo`lgan davrga qaytibdi. Turistik agentlik mutaxassislarining aytishicha, yoz mavsumida Turkiya kurortlari uchun yo`llanma sotib olganlar o`z niyatlaridan qaytmoqchi emas. Chunki, yo`llanmalar arzon bo`lmasligi aniq.
Xo`sh, o`zbekistonliklarning Turkiyada dam olish rejalari qanday? O`zbekistonliklar avvalgidek, Turkiyaga borib dam oladimi?
Shu masala bo`yicha qiziqqanimizda, ko`plab o`zbekistonliklar Turkiya qayg`usiga sherik ekanliklarini, hozir ta`tilning mavridi emasligini, dam olishni yoz yaqinlashishi bilan o`ylab ko`rishlarini aytishdi.
O`zbeklar o`ta ta`sirchan. Turkiya qayg`usidan hamon o`zlariga kelmagan. Ammo o`zaro suhbatlarda o`zbekistonliklarning Turkiyaga qiziqishi so`nmaganini ta`kidladilar.
Yuqorida qayd etilgan masalalar bo`yicha ba`zi savollarimizga javob topish maqsadida “ASIA LUXE TRAVEL” milliy tur operatori departament raxbari Ikromjon Qosimov bilan suhbat uyushtirdik. Uning so`zlariga ko`ra, “zilzila yuz berganidan so`ng bir hafta (to`g`rirog`i motam e`lon qilingan kundan to 12 fevralga qadar) Turkiyadagi aksariyat turistik tadbirlar bekor qilindi, aviachipta narxlari qisman arzonlashdi va o`z navbatida buyurtmalar soni keskin qisqarishi kuzatildi. Shu sababli, mexmonxonalar narxlari ham o`z navbatida arzonlashgani kuzatildi, ammo bu xolat yozgi turistik mavsum vaqtida amalga oshirilishi rejalashtirilgan charter reyslarga salbiy ta`siri bo`lmaydi degan umiddamiz. O`zbekistonliklar turkiyalik birodarlarining dardiga sherik ekanliklarni namoyon qildilar. Ularni tushunsa bo`ladi. Ayni damda yo`llanmalarni buyurtmalash avvalgi holatga asta sekin qaytishi kuzatilmoqda. Ma`lumki, yo`llanmalarning bir qismi 5-6 oy avval buyurtma qilinadi.
Mavsum iyun oyida boshlanadi. Mavsum boshlangandan to oxiriga qadar Antaliya, Bodrum, Alaniya va Dalaman shaharlariga charter reyslarni yo`lga qo`yish nazarda tutilgan”, - deydi Ikromjon Qosimov.