O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning taklifiga binoan 1-2 mart kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi.
Boku shahriga tashrif doirasida davlatimiz rahbari Qo`shilmaslik harakati sammitining yalpi sessiyasida ishtirok etishi ko`zda tutilgan.
Ozarbayjon tomonining raisligida o`tadigan tadbir kun tartibidan pandemiya oqibatlarining ta`siri saqlanib qolayotgan hamda xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka xavf-xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda ko`p tomonlama muloqotni rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari o`rin olgan.
Bundan tashqari, O`zbekiston etakchisi Ozarbayjon Prezidenti bilan uchrashib, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishi rejalashtirilmoqda.
Ta`kidlash joizki, Qo`shilmaslik harakati harbiy-siyosiy bloklar va tashkilotlarda ishtirok etmaslikni hamda hamkorlikni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining prinsip va maqsadlari asosida rivojlantirishni o`z tashqi siyosatining asosi etib e`lon qilgan 120 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan eng yirik xalqaro tuzilmalardan biri hisoblanadi.