1

“Telefondagi notanish yigitga ko`ngil qo`ydim, keyin bilsam...”

Mutolaa 28.09.2016, 12:50
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
“Telefondagi notanish yigitga ko`ngil qo`ydim, keyin bilsam...”

Bugun aloqa vositalari juda ko`p. Albatta, ularning ijobiy tomonlari juda bisyor. Afsuski, tanganing ikki tomoni bo`lgani kabi, ularning salbiy jihatiga ham ko`z yuma olmaymiz. Ism-sharifini sir tutishimizni so`rab maktub yo`llagan muxlisamizning dil kechinmalari aynan shu so`zlashuv vositalari bilan bog`liq. O`ylaymizki, bugun bu singlimizning kechmishlariga o`xshash voqealar har qadamda uchraydi: kimdir suygan, kimdir kuygan. Lekin hamma ham bundan to`g`ri xulosa chiqara olmaydi. Ushbu hodisa kimlargadir saboq bo`lsa ajabmas...

“Umrimiz shu qadar qisqaki, qandaydir olisdagi baxtni kutib yashash uchun etarli emas. Undan ko`ra, ba`zida oldimizdagi, yonginamizdagi baxtni his qilib yashash bizga ko`proq shodlik beradi. Qaysidir qilayotgan yomon ishlarimiz gunoh ekanligini bilamiz, ammo bilib turib qo`l uramiz. Eng yomoni, bilib, yana davom ettiraveramiz...

Bu hislar, bu fikrlar ayni damda mening boshimda aylanadi. Tinimsiz charx uradi va go`yo pilla qurti o`z ipiga o`ralgani kabi, men ham o`z dardimga o`ralaveraman, undan chiqib ketolmayman, yiroqlasholmayman. O`ylaganim sari boshi berk ko`chaga kirib qolganga o`xshayman. Birovga tish yorib aytolmayman. Aytgim keladi, ammo... 

Yaxshiyam, “Yuragimda saqlaganlarim...” bor...

Mana, men ham dardimni to`kib soladigan bo`ldim...

Hammasi mening telefonimga begona raqamdan qo`ng`iroq bo`lgan kundan boshlandi. Qizig`i, qo`ng`iroqqa men emas, dugonam javob berdi.

—   Alo? — u o`zining telefoni bo`lmagani uchun erkin va xushchaqchaqlik bilan.

Dugonamning nozli so`zlashi va menga qarab ko`z qisib qo`yishidan yigit kishi ekanligini payqadim. Yigit nima dedi bilmadim-u, dugonam “quloqqa lag`mon ilish”ni boshlab yubordi:

—   Kimga qo`ng`iroq qilayotganingizni bilmaysizmi? Ha-a-a... Men “Adashib tushgan yigitlarni ro`yxatga olish va to`g`ri yo`lga solish” kompaniyasining boshlig`iman... Hm... Yo`q. Kompaniya xizmati pullik. Har adashib tushganingizda hisob raqamimizga yoki mana shu raqamga ming so`m tashlab qo`yishingiz shart. Arzon deysizmi?.. Albatta, bir adashgan banda, qayta-qayta adashaveradi va avvaliga har kuni keyin kunda ikki marta, so`ng har soatda adasha boshlaydi. Qarabsizki, siz arzon deb baholagan xizmatimiz uni bor-budidan ayiradi... Nima?.. Ha, ha biz faqat mijozlarning manfaatiga xizmat qilamiz...

Dugonam gaplashaverdi. Men esa uning ichidan qaynab kelayotgan gaplardan zavqlanib kulaverdim. Suhbat tugagach, yana o`z ishimiz bilan band bo`ldik. Adashib qo`ng`iroq qilgan yigitni unutdik. Ertasiga kutilmaganda yana notanish raqamdan qo`ng`iroq bo`ldi. 

—  “Adashib tushgan yigitlarni ro`yxatga olish va to`g`ri yo`lga solish”kompaniyasimi? — dedi yigit kishi dabdurustdan. 

Kechagi suhbat birdan yodimga kelmagani bois, “Yo`q” dedim. Birdan yodimga tushdi va kulib yubordim. 

—   Kompaniya xodimlari juda sho`xmi, deyman? Sho`xlik qizbolaga yarashadi. Xo`sh, nechta adashganni to`g`ri yo`lga soldingiz? 

—   Sanog`i yo`q. Bu dunyoda adashmagan odam bor ekanmi? — dedim yigit meni dugonam deb o`ylayotganidan zavqlanib.

—   Xizmat haqi ming so`mmidi? Tashladim, ming so`m. Undan keyin ming so`m evaziga to`g`ri yo`lni topish zo`r-ku! Qani edi, rostmana shunday kompaniya bo`lsa... Pulini qo`yarga joy topa olmay qolardi. Chunki dunyoda adashmagan insonning o`zi yo`q. Ikki og`iz maslahat — ming so`m. Minglab odamlar har kuni qo`ng`iroq qiladi. “Xotinim bilan urishib qoldim. Negadir yarashgim kelmayapti. To`g`ri yo`lni ko`rsting”, deydi biri. “O`g`lim chetga ishga ketmoqchi, qaytara olmayapman. Uni to`g`ri yo`lga solishning iloji bormi?” deydi boshqasi. Yana biri esa “Uylanganman-u, qizlar bilan ham gaplashgim kelaveradi-da”... deydi. Menimcha, shunday deguvchilar ko`p bo`ladi. Agar siz ularga “To`g`risi, har kuni o`nta qizga qo`ng`iroq qiling. Oxiri bezib ketib, o`zingiz bu yo`ldan qaytasiz”, desangiz bormi, mijozlaringiz yanada oshadi...

Yigitning zavqu-shavqqa to`lib gapirishiga mahliyo bo`ldim. O`z-o`zidan savolga tutdim:

—  Sizam shunaqa maslahat istab qo`ng`iroq qilayotgandirsiz, honahoy...

—  Albatta. Mening ham xotinim, ikkita o`g`lim bor. Lekin negadir notanish qizlarga qo`ng`iroq qilib suhbatlashish jonu dilim, — hech narsani yashirmadi u. 

Men esa birdan dedim:

—  Bo`pti...

—  Ie, shoshmang. Men xizmat haqini to`lab qo`yganman. Gaplashishga majbursiz.

—  Nima qilasiz, xotiningiz, bolalaringizga xiyonat qilib...

—  Qani, xiyonat qilayotganim? Men bir kompaniya xizmatidan foydalanayapman, xolos...

Xullas, u aloqani uzishimga yo`l qo`ymadi. Ertasiga ham, indiniga ham xuddi rostmana kompaniya xizmatidan foydalanayotgandek, telefon raqamimga ming so`m tashlaydi-da, gaplashaveradi. Men ham hech narsa deya olmayman. Lekin oilasi borligi uchun bu suhbatga chek qo`yishim kerakligini yaxshi bilardim. Shunday qildim, ham. U esa darhol xabar yo`llash yo`liga o`tdi. Ochig`i, gaplashmaganimga qo`ymadi. Suhbatlasha-suhbatlasha unda uchrashish istagi ham paydo bo`ldi. Bir-birimizdan qaerda yashashimizni so`radik. Eng qizig`i, bizdan sal narida, uzoqroq qo`shnimiz desak ham bo`larkan... 

Oxiri ko`rishdik...

 Uni ko`rdim. Yaqindan, yaqqol ko`rdim: chiroyli, kelishgan, qoshlari tutash, ko`zlari yashil tusli... Xuddi xorij kinolaridagi aktyorlarni eslatadi.

Lekin yuragim jiz etmadi. Ya`ni, unga nisbatan o`zimda hech bir hisni tuymadim. Bundan xursand ham bo`ldim. Axir uning oilasi bor!

—  Boshqa menga qo`ng`iroq qilmang! Bu uchrashuv birinchi va oxirgisi. Yana, bizdan u qadar uzoq bo`lmagan “dom”da ekanmiz. Shahar bo`lgani bois, bir-birimizni bilmaganmiz. Qishloq yo mahalla bo`lsa, bunaqa bo`lmasdi. Yuzxotir qilib ham gaplashmasdingiz.... — dedim dangaliga ko`chib.

Bu gaplarim unga kor qilmadi. Qo`ng`iroq qilishni kanda qilmasdi. Shu tufayli telefonimni bir necha bor o`chirib qo`ydim. Ishga tushirganimda esa uning qo`rg`iroq qilganini bildiruvchi o`nlab xabarlar turnadek tizildi...

Oradan kunlar o`tdi. Men bora-bora unga o`rgana boshladim. U esa hamon qo`ng`iroq qilishdan charchamasdi. Suhbatimiz uzoq cho`ziladigan bo`ldi. Bir-ikki kun suhbatlashmay qolsak, bir-birimizni sog`inardik. Gap-so`zimiz ko`proq hazil-huzuldan iborat bo`lar, jiddiy gaplashishga yuragim betlamasdi. 

“Nega u bilan gaplashyapman? Nega tanishdim? Bundan ne naf? Biribir turmush qurmasak, baxtli bo`lmasak... U xotini, ikki o`g`lidan voz kechib, senga uylanarmidi? Shuni bila turib, nega gaplashishda davom etasan?”

Bu oxiri yo`q savollarga javob topishga o`zimda kuch topa olmasdim. Bilib-bilmay mubtalo bo`lgan muhabbatim oldida ojiz edim. Juda, judayam, ojiz...

Yoz chillasi. Unga o`zim qo`ng`iroq qildim. Ayol kishining “Alo?” degan muloyim ovozi eshitildi. Qotib qoldim.

—  Yaxshimisiz? Kim kerak, edi? Xo`jayinimmi? Nega indamaysiz? — yaxshi gapira boshladi ayol. — Xijolat bo`lmang, erimga ish yuzasidan bunaqa qo`ng`iroqlar har kuni bo`ladi...

—  O`zlari qaerda? — dedim beixtiyor.

—  Hozir keladilar. Nima deb qo`yay? Ismingiz nima? Qaerdan qo`ng`iroq qilayapsiz?

—  Ismim... — ayolning muloyim va shirin muomalasi meni tilga kiritgandi. 

—  Gapiring. Ular kelguncha tanishib turaylik...

—  Men siz bilan tanisha olmayman... — dedim birdan cho`chib.

—  Nega?

—  ...

—  Ha-a, bilaman, nima uchun tanisha olmasligingni? Xotini bor deb o`ylamaganding, a? Uylanishini kutib yurganmiding?..

Ayol bilan anchagina “san-man”ga bordik...

Lekin o`ylaymanki, u meni ko`cha-ko`yda ko`rsa tanimaydi. Shundan xotirjamman. Ammo yuragim bir dahshatga tushdi.

Uydagilar, odamlar bilsa nima bo`ladi?

“Esing borida etagingni yig`ishtir! Unut uni! U uchun shunchaki ermaksan! O`zingni qo`lga ol!”

O`zimga shu so`zlarni bot-bot ayta boshladim. U bilan aloqani birdan uza olmasligimni bilib, asta-sekinlik bilan suhbatlarimiz orasini uzoqlashtirishga harakat qildim. Bu orada ular bizga yaqinroq joyga keldi. Ayoli bilan qo`shni sifatida tanishdim. U meni qo`shni qiz sifatida biladi, xolos. Men esa...

Hozir deyarli qo`ng`iroqlashmaymiz. Ko`rishib qolsak, shunchaki hol-ahvol so`rashamiz xolos. Xuddi qo`shnilardek...

Uning oilasiga hech qanday yomonligim, adovatim yo`q. O`ziga ham. Uni ham tushunaman. Axir ko`r yo kar emasman. Telefon yoki boshqa aloqa vositalari orqali qizlar bilan tanishib, sevishib qolib, oilasidan voz kechganlar, farzandlarini etim qilganlar ozmi? U bunday qilmadi-ku! Ehtimol, meni aldagandir? Shunchaki ermak qilgandir? Lekin men unga ko`ngil qo`ydim. Chindan muhabbat otliq tuyg`uga oshno bo`ldim. Yondim, kuydim, qizg`andim, suydim...

Qalbimda bo`y cho`zgan bu to`yg`ular menga yomonlik bermadi. Tushunishga, hayotga teranroq qarashga o`rgatdi. Kun kelib, o`z baxtimni topsam, balki unutib ham yuborarman...

Demoqchi bo`lganim, o`z vaqtida xatodan oyoq tortishning o`zi ham jasorat, shuning o`zi ham insoniylik! Demak, u ham, men ham hali tubanlashib ketmadik. Hali ham pok tuyg`ular og`ushidamiz. Garchi muhabbatdan yiroq bo`lsak-da, baxtlimiz!

Muxlisaning maktubini KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1