Markaziy bank asosiy stavkani 1 foizga pasaytirib, 14 foiz etib belgiladi

Iqtisodiyot 16.03.2023, 12:29
Markaziy bank asosiy stavkani 1 foizga pasaytirib, 14 foiz etib belgiladi

Bugun, 16 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining yig`ilishi o`tkazildi. Unda asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 14 foiz darajasida belgilandi. Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, iqtisodiyotda inflyasiya darajasi o`zining yuqori nuqtasiga chiqib, pasayish tendensiyasiga o`tganligi kuzatila boshladi. Ayni paytda, qat`iy tashqi moliyaviy sharoitlarning ichki iqtisodiy faollikka salbiy ta`siri bo`yicha signallar paydo bo`lmoqda.

Asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi o`tgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkaning oshirish orqali qo`yilgan qo`shimcha yuklamani to`liq olib tashlash imkonini beradi.

Bunda, yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflyasiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qat`iy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini ta`minlaydi.   

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yillik inflyasiya ko`rsatkichi 12,2 foizgacha biroz pasaydi va kelgusi chorakda sezilarli pasayishi bo`yicha ishonch ortib bormoqda. Kuzatuvlarga ko`ra, iste`mol bozorlarida mart oyining dastlabki ikki haftasida asosiy oziq-ovqat narxlari nisbatan muvozanatlashib, yanvar oyidagi o`sishdan keyin pasayish dinamikaga o`tganligi kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, mavsumiy va ma`muriy ta`sirga ega bo`lgan ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining o`zgarishini inobatga olmasdan hisoblangan bazaviy inflyasiya ko`rsatkichi o`tgan yilning ikkinchi choragidan boshlangan o`sib borish trendi joriy yil boshidan pasayish tendensiyasiga o`zgarib, dekabrdagi 13,8 foizdan yanvarda 13,3 foizgacha va fevralda 13,2 foizgacha sekinlashdi.

Fevraldagi so`rov natijalariga ko`ra, kelgusi 12 oylik inflyasion kutilmalarning yanvar natijalariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligini kuzatildi, bu esa bazaviy inflyasiya dinamikasi bilan birgalikda, kelgusi oylarda narxlarning barqarorlashishi uchun sharoitlarni yaratadi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda ma`lum darajadagi xatarlar va noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Fevral oyida global inflyasiya, asosan, energetika va oziq-ovqat sektoridagi narxlarning pasayishi ta`sirida sekinlashishda davom etdi.  

Etakchi markaziy banklarning inflyasiyani pasaytirish bo`yicha qat`iy pozisiyalari bilan bir qatorda, xalqaro bank sohasida kuzatilayotgan vaziyatlar fonida xavfsiz aktivlarga bo`lgan talabning oshishi, moliya va xomashyo bozorlaridagi tebranuvchanlikni oshirmoqda.

Jahon oziq-ovqat bozorlarida shakllanayotgan narxlar va kutilmalar, O`zbekistonga import qilinadigan tovarlar bo`yicha qulay sharoitlar yuzaga kelishiga asoslarni yaratmoqda. Bu, o`z navbatida, oziq-ovqat guruhlarida import inflyasiyasining oshiruvchi ta`sirlarini jilovlovchi omil bo`lib xizmat qiladi. 

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, 2023 yilning yanvar-fevral oylarida ichki iqtisodiy sharoitlarda qisqa muddatli xatarlar ta`siri qisman namoyon bo`ldi. Yanvar oyi yakuni bo`yicha chakana savdo, sanoat ishlab chiqarish va qurilish ishlari o`sish sur`atlarida sekinlashish kuzatildi.

Xizmat ko`rsatish sohasidagi o`sish o`tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani bilan, ushbu sohadagi o`sish sur`atlari boshqa sohalardan yuqori bo`lmoqda. Xatarlarning vaqtinchalik xususiyati va o`z vaqtida ko`rilgan choralarni hisobga olganda, birinchi yarim yillik yakuniga borib iqtisodiy faollikning muvozanatlashuvi va tarmoq ko`rsatkichlarining tiklanishi kutilmoqda.

Joriy yilning dastlabki oylarida monetar sharoitlar indeksi real samarali almashuv kursi va real foiz stavkalar dinamikasi hisobiga nisbatan qat`iy fazada shakllandi.

Pul bozorida Uzonia stavkasi o`zgarishlarsiz 14 foiz darajasida shakllanayotgan bo`lsada, operasiyalar hajmining sezilarli darajada oshib borishi, banklar tomonidan qisqa muddatli resurslarning qayta taqsimlanishida ushbu bozorning ahamiyati oshib borayotganligini ko`rsatmoqda.  

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha navbatdagi yig`ilishi 2023 yil 27 aprelga belgilangan.

Eslatib o`tamiz, bundan avval, 21 aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkani yillik 17 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risida qaror qabul qilingan edi.  2022 yil 9 iyunda esa Markaziy bank asosiy stavkani 1 foizga tushirib, 16 foiz etib belgilagan. 21 iyulda esa 15 foiz qilib belgilangan8 sentyabrda, 27 oktyabrda va 15 dekabrda va 2023 yil 26 yanvarda15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirilgan edi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1