1

Istanbulda mashhur lolalar mavsumi boshlanmoqda

Dunyo 23.03.2023, 10:42
Istanbulda mashhur lolalar mavsumi boshlanmoqda

Lolalar mavsumi Istanbulga bahor kelganidan darak beradi. Har yili aprel oyida Istanbulning eng mashhur joylari rang-barang bahor lolalari bilan burkanib, butun dunyoda yuksak qiziqish uyg`otadi. Sultonahmet maydonida lola etishtirishning akvakultura usulidan foydalangan holda keng maydonga “lolagilami” to`qilgan. Bu hayratlanarli manzara mahalliy aholini ham, chet ellik mehmonlarni ham hayratga soladi. Xuddi shunday manzaralarni Istanbuldagi Emirgan bog`i, Gulhane bog`i, Yulduz bog`i, So`g`anli botanika bog`i, Beykoz bog`i, Buyuk Chamlija bog`i, Kichik Chamlija bog`i, Fethipasha bog`i va Hidiv Pavilion bog`ida uchratish mumkin.

Turk san`ati va madaniyatida lola ramzi alohida o`rin tutadi

Lolalar Onado`liga O`rta Osiyoning Pomir tog`i turklari tomonidan olib kelingan. Lola turk madaniyatining eng muhim timsollaridandir. U piyozsimon o`simlik bo`lib, XII asrdan beri hunarmandchilikda bezak naqshlari namunasi sifatida qo`llanila boshlandi. Bu go`zal, betakror va rang-barang gullar Usmonlilar davrida she`rlar, farmonlar, hikoyalar va miniatyura rasmlarining asosiy mavzusi sifatida urfda bo`lgan. Lola naqshlari masjidlar, qabr toshlari va saroy bezaklarida, shuningdek, gilam hamda mato naqshlarida, kaftan va sep sandiqlarida, hatto tangalar, jangovar dubulg`alarda ham keng qo`llanilgan.

Lolalar, asosan, XVI asrda Usmoniylar imperiyasining poytaxti Istanbulda etishtirilgan va butun shahar bo`ylab manzarali gullar sifatida ekilgan. Lolalarga bo`lgan bu ishtiyoq Sulaymon Shoh hukmronligi davrida keng tarqalgan bo`lib, bu o`simlikning turli xil va navlarini rivojlanishiga olib keldi. Ayniqsa, shaharning ramzi bo`lgan Istanbul lolasi o`sha davrda paydo bo`ldi. Sulton Ahmad III davrida lola ikki mingga yaqin navi bilan shuhrat qozondi va XVIII asrga Lola davri deyanom berildi.

Har bir rang alohida ma`noga ega

Lola navlari ko`payib borgani sari lolalar va ularning ranglari turli ma`nolarga ega bo`ldi. Qizil lolalar sevgini, oq lolalar esa poklik va hokisorlikni ifodalagan. Binafsharang gullar "olijanoblik va romantika" ni, sariq rang esa «quvonch» ni bildiradi. Noyob qora lola "pinxon, qo`l etmas" degan ma`noni anglatsa, chiziqli lola esa "betakror go`zallik"ka ishora qiladi.

Turk madaniyatida shunday muhim o`rin tutgan bu ajoyib gul XV asrning ikkinchi yarmida Avstriyaning Vena shahriga, so`ngra Niderlandiyaga olib kelingan va shu tariqa Evropaga tanishtirilgan. Gollandiyada tezda katta shuhrat qozongan lolalar Kanada poytaxti Ottavaga olib kelindi va dunyoga mashhur bo`ldi.

Bugungi kunda Onado`lida juda ko`p lola navlari etishtirilmoqda. Eng hayratlanarlilari orasida "yig`layotgan kelin" deb ham ataladigan "engashgan lola" bor. Dunyo bo`ylab ushbu boshi quyiga egilgan lolalarning 167 turi mavjud. Ulardan 20 tasi endemik bo`lib, 43 turini Turkiyada uchratish mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1