Rossiya tarkibidagi Chuvashistonda uch kishida “sibir yarasi” alomatlari aniqlandi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 22 mart kuni uchinchi bemorda kuydirgiga chalinish holati qayd etilgan. Bungacha respublikaning Tsivilskiy tumanida kasallangan ikki kishi aniqlangan va u erda karantin joriy qilingan. Infeksiyaning uchinchi holati birinchi holat bilan aloqa qilish oqibatida kelib chiqqan.
“Chuvashiston fuqarosining qulog`ida binafsha rangdagi dog` paydo bo`ldi. Bu xuddi shunday belgilar bilan aniqlangan uchinchi holat bo`lib, kuydirgi bilan kasallanganlikni ko`rsatadi”, — deyiladi xabarda.
Respublika rahbari Oleg Nikolaev bemorlar tibbiyot xodimlari nazoratida bo`lgani uchun ularning hayoti xavf ostida emasligini ta`kidlagan. Ular bilan aloqada bo`lgan odamlarda hozircha kasallik simptomlari kuzatilmagan.
“Sibir yarasi” uy hayvonlari, jumladan, echki, qoramol, qo`y va otlarga ta`sir qilishi mumkin bo`lgan og`ir yuqumli kasallikdir. Odamlarda kuydirgi kamdan kam uchrasa-da, u kasal hayvonlar va ularning teri, go`shti kabi mahsulotlari bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Hozirgi vaqtda olib borilayotgan profilaktika tufayli, ayniqsa, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida infeksiyaning tarqalishi sezilarli darajada kamaygan.






