Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Aholining xarid qobiliyatini mustahkamlash, asosiy turdagi oziq-ovqat va iste`mol mahsulotlariga bo`lgan ehtiyojni ta`minlash, tovarlar ta`minotining global zanjirlarini diversifikasiyalash hamda inflyasiya darajasini jilovlash maqsadida:
1. 2024 yil 1 yanvarga qadar O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo`llaniladigan tovarlar ro`yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 maydagi “Iste`mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta`minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta`sirchanligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-145-son farmonida:
1-banddagi va 1-ilovaning nomlanishidagi “2023 yil 1 iyulga qadar” so`zlari “2024 yil 1 yanvarga qadar” so`zlari bilan almashtirilsin;
4-banddagi “2023 yil 1 yanvarga qadar” so`zlari “2024 yil 1 yanvarga qadar” so`zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasi (J.Xodjaev) bir oy muddatda:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini respublika hududiga olib kirishda davlat nazoratidan o`tkazish jarayonining samaradorligini oshirish hamda uni xavfni tahlil qilish tamoyili asosida yo`lga qo`yish;
import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo`llaniladigan kundalik iste`mol tovarlari ro`yxatini kengaytirish bo`yicha takliflarni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga kiritsin.
4. Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o`rinbosari J.A.Xodjaev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoEV