Hukumat qarori (122–son, 23.03.2023 y.) bilan Nogironligi bo`lgan shaxsning va tarkibida nogironligi bo`lgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali er uchastkasini sotib olish bilan bog`liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Nizomga ko`ra, er uchastkasini auksion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oilasi tarkibida nogironligi bo`lgan shaxslar sonidan qat`i nazar, BHMning 100 baravarigacha (30 mln so`mgacha) miqdorda bir martalik to`lov ajratiladi.
Bunda xarajatlar ushbu miqdordan yuqori bo`lgan hollarda BHMning 100 baravarigacha (30 mln so`mgacha) bo`lgan qismi qoplab beriladi.
Imtiyozli toifadagi shaxslar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishi kerak:
- oxirgi 12 oy davomida o`zi yoki oila a`zolari nomida yashash uchun mo`ljallangan turar joyi yoki er uchastkasi mavjud bo`lmasligi;
- er uchastkasi oxirgi 3 oy ichida auksion orqali xarid qilingan va O`zbekiston hududida bo`lishi;
- nogironligi bo`lgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan bo`lishi.
Imtiyozli toifadagi shaxs auksion orqali er uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida o`z hududidagi tuman (shahar) kambag`allikni qisqartirish va bandlik bo`limiga murojaat qilishi lozim (ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar ko`rib chiqilmaydi).
Mablag` ajratish to`g`risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan so`ng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida ko`rsatilgan bank plastik hisobvarag`iga mablag` o`tkazilishi ta`minlanadi.