Sal avval o`zbek olimlari saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqqani xabar qilingan edi.
Unda 2022 yilning iyun oyida yurtimizda ro`yxatdan o`tkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmasevtik vektorli terapiya vositasi haqida so`z boradi.
Ushbu preparat tarkibi “lyutesiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spesifik membranali “antigen-617” degan oqsil moddasidan iborat ekani aytilgan.
Ushbu dori vositasi bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi.
Bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSh, Evropa Ittifoqi, Rossiya va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin o`smalarni diagnostikasi va davolashda qo`llaniladi.
— Ushbu preparat diagnostikada prostata bezi uchun target radionuklid vosita hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov. — Suyak metastazlarini davolash jarayonida yaxshi ta`sir qiladi va vaqtinchalik vosita hisoblanadi. U kasallikning 4-bosqichida bemorlarning hayotini bir muddat saqlab turish uchun xizmat qiladi.
Ta`kidlash lozimki, ushbu preparat hozircha davlat ro`yxatiga olinmagan. Shu tufayli ayni kunlarda birorta onkologik muassasada qo`llanilmayapti.
Shuningdek, mutaxassisning ta`kidlashicha, saratonning rivojlangan bosqichida qo`llaniladigan ushbu preparat bemorni 99 foiz aniqlikda davolashi haqiqatga umuman to`g`ri kelmaydi.
Dunyoning hech bir mamlakatida saratonning bu bosqichida davolay oladigan dori vositasi yaratilmagan.
Shuningdek, barcha onkologik kasalliklarda emas, faqatgina prostata bezi saratonida suyakda metastazlar bo`lgan holatda ushbu dori vositasi o`rniga “Samariy” preparati qo`llanib kelinmoqda.
Shundan kelib chiqib, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalaridan insonlar hayoti bilan bog`liq bu kabi muhim xabarlarni jamoatchilikka etkazishda diqqatli bo`lishlarini so`rab qolamiz.
Cog`liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
Tibbiyot kanalga obuna buling va bizni kuzatib boring: https://t.me/cancercenteruz
http://cancercenter.uz
https://www.instagram.com/cancercenteruz