Ijtimoiy tarmoqlarda bir yigit Abdulloh domla nomi bilan tanilgan Abdug‘ani Umarovning bundan 6 yil oldin joylangan ma’ruzasiga “klass” bosgani uchun qamalgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati sudlari ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, sudlanuvchi U.A. o‘zining telefoniga o‘rnatilgan “Odnoklassniki.ru” messenjeriga ochilgan akkauntidagi “Klass bosilganlar” bo‘limida 2019 yilda Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning “Jannatga oshiqlar” nomli aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzasiga “klass” bosish orqali virtual do‘stlariga tarqatgan.
Bu bilan u amaldagi Jinoyat kodeksining 2441-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rgon tuman sudining 2025 yil 1 iyuldagi hukmiga ko‘ra, U.A. Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 3-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu modda bilan unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Sudlanuvchi U.A. tomonidan sodir etilgan mazkur jinoyat og‘ir turga mansubligi tufayli unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlangan.
“Shunday bo‘lsa-da, jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi tatbiq etilib, modda sanktsiyasidan kamroq jazo muddati tayinlangan”, — deyiladi habarda.