AsosiyJamiyat

Prezident Xitoy delegasiyasi bilan “O`zbekiston – Qirg`iziston - Xitoy” temir yo`li qurilishini jadallashtirishni muhokama qildi

'Prezident Xitoy delegasiyasi bilan “O`zbekiston – Qirg`iziston - Xitoy” temir yo`li qurilishini jadallashtirishni muhokama qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 29 mart kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo`mitasi Siyosiy byurosi a`zosi, Shinjon-Uyg`ur avtonom rayoni Kompartiyasi Partqo`mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi XXR delegasiyasi bilan o`tkazgan uchrashuvda O`zbekiston hududlari va ShUAR o`rtasidagi o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yo`lga qo`yish masalalari ko`rib chiqildi.

O`zbekiston hududlarida Xitoyning etakchi kompaniyalari ishtirokida qayta tiklanuvchi energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat parklari va qishloq xo`jaligi klasterlarini tashkil etish sohalarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish masalalari e`tibor markazida bo`ldi.

Uchrashuvda o`tgan yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o`tgan va O`zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yangi davrni boshlab bergan tarixiy sammitning sermahsul natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

“O`zbekiston – Qirg`iziston - Xitoy” temir yo`lini qurish loyihasini jadallashtirishda ikki tomon ham manfaatdor ekani ta`kidlandi.

Toshkent, Samarqand va boshqa viloyatlarning Shinjon-Uyg`ur avtonom rayoni bilan, shu jumladan savdo, logistika, tibbiyot, qishloq xo`jaligi, turizm va ta`lim sohalarida ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi aytildi.

Davlatimiz rahbari o`zaro muloqot va almashinuvni faollashtirish, tashrif va biznes forumlarini tashkil etish, ustuvor loyiha va dasturlarni ilgari surish bo`yicha alohida “yo`l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan topshiriqlar berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar