Shu bilan birga, aholining turli qatlamlariga turli tariflarni qo`llash variantlari ko`rib chiqiladi. Iqtisodiyot va moliya vaziri o`rinbosariga ko`ra, boylar bozor narxida to`lashi kerak.
Bu haqda AOKAdagi matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri o`rinbosari Dilshod Sultonov O`zbekistonda oyliklar oshishi ortidan gaz va elektr energiyasi narxlari oshadimi degan savolga javob berdi.
"Narxlar oshadimi yo`qmi, aniq ayta olmayman. Lekin katta ehtimol bilan bunday bo`lmaydi. Albatta, fuqarolar uchun oshmaydi. Lekin bu mazkur masalani muhokama qilmayapmiz degani emas. Turli variantlarni ko`rib chiqyapmiz, jumladan, qandaydir ijtimoiy normalar muhokama qilinyapti.
Gaz va elektr energiyasini ko`p iste`mol qiladigan, qishning sovuq kunlarida uyda futbolka kiygan boylar bozor qiymatini to`lashi kerak. O`ylaymanki, adolatli bo`ladi", — dedi Dilshod Sultonov.
Unga ko`ra, ijtimoiy reestrga kiritilgan, ish haqi kam bo`lgan fuqarolarni rag`batlantirish, energiya resurslarini tejash zarur.
"Bunday tariflar aksariyat mamlakatlarda amal qiladi. O`ylaymanki, bir kun kelib bunga erishamiz", - deya qo`shimcha qildi Sultonov.






