1

Toshkentda ketma-ket o`g`rilik qilgan shaxs o`ta xavfli residivist deb topildi

Jamiyat 29.03.2023, 22:46
Toshkentda ketma-ket o`g`rilik qilgan shaxs o`ta xavfli residivist deb topildi

Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tumani sudida ketma-ket o`g`riliklarni sodir etgan sudlanuvchiga hukm o`qildi. U bu safargi jinoyati uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum etilib, xavfli residivist deb topildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi bungacha bir necha marta sudlanib, ozodlikdan mahrum etilgan. Shunday bo`lishiga qaramasdan, u yana jinoyat sodir etgan. Sudlanuvchi 4 ta xonadonga kirib, jami 88 million so`mlik tilla-taqinchoqlar, 450 AQSh dollari miqdoridagi pullar va bir dona “Canon” nomli fotoapparatni o`g`irlab, ularni o`z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

Sudlanuvchi 2022 yil 10 mart kuni Olmazor tumanidagi Faroboiy ko`chasidagi ko`p qavatli uyga g`ayriqonuniy kirib, yotoqxonadagi shkaf ustidagi bahosi 47 million so`mlik tilla-taqinchoqlar va 450 AQSh dollarini o`g`irlagan.

Sudlanuvchining tergov jarayonida aytgan so`zlariga ko`ra, u Olmazor tumanidagi Moyariq ko`chasida joylashgan uyda ham o`g`rilik sodir etgan. Xonadon eshigini oldindan tayyorlab qo`ygan kalitlar va “folga” qog`ozi yordamida ochib kirib, taxminan uch-to`rtta tilla buyumni o`g`irlagan. Ularni Qo`qon shahriga olib borib, o`sha erda bozorda pullab yuborgan. 

Shu bilan kifoyalanib qolmasdan sudlanuvchi o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana ikkita xonadonni tunagan. Xonadonlardan bahosi sakkiz va o`n uch million so`mlik tilla-taqinchoqlarni va bir dona fotoapparatni o`g`irlab voqea joyidan yashiringan. 

Sud hukmiga ko`ra, mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida unga oldin tayinlangan jazoni qisman qo`shish bilan uzil-kesil o`tash uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortildi.

Shuningdek, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismiga binoan o`ta xavfli residivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o`tashi belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1