Biroz avval 2005 yilda tug`ilgan voyaga etmagan N.O ismli qiz 2023 yil 23 mart kuni Rishton tuman markaziy istirohat bog`idagi "Qaroqchilar kemasi" nomli attraksionda uchayotib, ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgani haqida xabar bergan edik.
Holatga Sanoat xavfsizligi davlat qo`mitasi ham munosabat bildirdi.
Tog`-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan holat yuzasidan o`tkazilgan o`rganish natijasida “Qaroqchilar kemasi” attrasioni qo`lbola usulda yasalgan bo`lib, 2022 yil iyulda tadbirkor I.T tomonidan o`zboshimchalik bilan o`rnatilgani aniqlandi.
Mavjud talablarga ko`ra attrasion maxsus ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan o`rnatilishi lozim. Shuningdek, attrasionning texnik pasporti mavjud emas, statik va dinamik sinovlardan o`tkazilmagan, kunlik texnik nazorat, attrasion elektr jihozlarini erga zaminlash va izolyasiyasi qarshiligini o`lchash, ishga tushirish va sozlash ishlari bajarilmagan. Attrasionga 2022 yil avgust oyida mavsum uchun maxsus laboratoriya tomonidan metall konstruksiyasining mustahkamligi to`g`risida ijobiy xulosa berilgan bo`lsada, shu kungacha attrasiondan tegishli ruxsatnoma olinmasdan foydalanilgan.






