Ijtimoiy tarmoqlarda "Vazirlik va idoralar xodimlarining Mehnat shartnomalarini bekor qilish jarayonlari vaqtinchalik to`xtatilishi va ogohlantirish muddatlarini uzaytirish" kabi mazmunda xabarlar tarqaldi.
Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligining izoh berishicha, Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi hamda 2023 yil 25 yanvardagi tegishli farmonlari bilan ma`muriy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar davomida shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish beruvchi tomonidan ishga joylashtirish choralarini ko`rishi belgilangan.
Hozirgi kunda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarga mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan. Mehnat kodeksining 102-moddasi talablaridan kelib chiqib, ogohlantirish muddatlarini uzaytirish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.
Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi qismi 1-bandida ogohlantirish muddati kamida ikki oy oldin berilishi kerakligi belgilangan. Shunga ko`ra ish beruvchi tomonidan ushbu ogohlantirish muddatini uzaytirish qonuniy hisoblanadi.
Bu jarayon xodimga ogohlantirish muddati uzaytirilganligi ma`lum qilingan xat (xabarnoma) taqdim etish orqali amalga oshirilishi tavsiya etiladi. Belgilangan muddatlarda ishga joylasha olmagan xodimlarning ogohlantirish muddatini uzaytirish ularga o`ziga maqbul ish o`rni topishida imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarning ishdan bo`shatilishi to`g`ri rasmiylashtirilganini, etarli asoslar mavjudligi va belgilangan tartibga rioya etilganini qayta ko`rib chiqishni tavsiya etamiz, deyiladi vazirlik izohida.
Amaldagi Mehnat Kodeksining 92-moddasiga ko`ra, shtatlar soni qisqartirilgan ish beruvchi xodimni ishga joylashtirish choralarini ko`rishi shart. Ushbu talabga rioya etilmagan taqdirda noqonuniy ishdan bo`shatish hisoblanadi.






