Surxondaryoda mahalla raisi bir kishini urib, ko`z pardasini yirtib yubordi. Ushbu holat joriy yilning 28 mart kuni Sho`rchi tumani "Baxshitepa" MFYda sodir bo`lgan. Bu haqda Millar ko`rsatuvida aytildi.
Ma`lum qilinishicha, shu kuni viloyat hokimi tomonidan o`tkazilayotgan sayyor qabulga o`z taklifi bilan kirmoqchi bo`lgan fuqaroni ko`rgan mahalla raisi bu murojaatdan hokimlikni xabardor qilgani va uyiga ketaverishini aytgan. Bu holatdan fuqaro norozi bo`lib ortga qaytib ketgan.
Erkak o`sha kuni kechqurun mahalla raisining uyiga u bilan gaplashib olish uchun borgan. Ammo, orada janjal chiqqan va rais uni ko`ziga musht tushirgan.
"Gaplashib olamiz degan ma`noda mashinasiga o`tirgan edim. Mashinaning ichida ham menga qo`l uzatdi. Boshqa tarafdan ukasi kelib, u ham zarba berdi. Ko`zim oldin ham travma olgan edi. Ko`zim yorilib ketibdi, operasiya qildi. Hozir ko`zimda sezish qobiliyati yo`q", - deydi jabrlanuvchi.
Mahalla raisi qilgan ishidan pushaymonligini aytib, jabrlanuvchidan kechirim so`radi.
Shifokorning aytishicha, etkazilgan jarohat natijasida ko`zning shox-pardasi yorilib ketgan. Operasiya o`tkazilganidan so`ng, bemorning ahvoli yaxshi holatga kelgan.
Holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.