AsosiyJamiyat

DXX tomonidan Farg`ona vodiysi bo`ylab giyohvandlik va kuchli ta`sir qiluvchi dorilar sotuvchilari ushlanmoqda (video)

'DXX tomonidan Farg`ona vodiysi bo`ylab giyohvandlik va kuchli ta`sir qiluvchi dorilar sotuvchilari ushlanmoqda (video)'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi. 

Xususan, Farg`ona tumanida yashovchi, 1993 y.t., muqaddam sudlangan shaxs qirg`izistonlik tanishlari bilan 4000 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi hamda 5306 dona “Regapen” va 232 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini sotib olishga va buning uchun ularga oldindan 1200 AQSh dollari yuborib, qolgan pullarni dori vositalarini sotib bo`lganidan keyin berishga kelishadi.

O`z navbatida qirg`izistonlik narkosavdogarlar uning buyurtmasini aylanma yo`llar orqali mamlakatimiz hududiga o`tkazib berishadi.

Ajal og`usini sotib, mo`may daromad topishni reja qilgan ushbu fuqaro Rishton tumaniga borib, 2800 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasini hamda 560 dona “Regapen” va 10 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini Qo`qon shahrida yashovchi, 1989 va 1990 yillarda tug`ilgan 2 xaridorga 13 mln. so`m hamda 100 AQSh dollariga sotib, “Qo`qon - Farg`ona” yo`nalishida harakatlanayotgan vaqtida ushlandi. Va undan 600 dona “Tramadol”, 50 dona “Tropikamid”, 13 mln. so`m hamda 100 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, undan giyohvandlik vositalarini sotib olgan qo`qonlik 2 xaridor ham ushlanib, ulardan ham ashyoviy dalillar tegishli tartibda olib qo`yildi.

Bundan tashqari, narkosavdogarning ko`rsatmasi asosida, uning yashash xonadonidan tovarning qolgan qismi, ya`ni 600 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi hamda 4746 dona “Regapen”, 172 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

O`tkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy bahosi 1,5 mlrd so`mni tashkil etuvchi giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Boshqa bir holatda esa Rishton tumanida yashovchi, 1987 y.t. ayolning yashash xonadoni ko`zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida Qirg`iz Respublikasidan keltirilgan, umumiy bahosi 682 mln. so`mni tashkil etuvchi 3343 dona “Regapen” va 1058 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, ayolning jinoiy sherigi bo`lgan Qo`qon shahrida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro ham ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar