LVMH (Louis Vuitton Moet Hennessy) kompaniyalar guruhi prezidenti Bernar Arno Forbes jurnali talqini bo`yicha 2023 yilning eng boy odamiga aylandi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi, deb xabar bermoqda, zamon.uz.
LVMH bosh direktorining daromadlari va aksiyalari rekord darajada yuqori. Shu tariqa, Arnoning boyligi keyingi 12 oy ichida 53 milliard dollarga oshib, 211 milliard dollarga etdi. Bu milliarderlar orasida eng yuqori daromad hisoblanadi.
Oldin peshqadam bo`lgan Tesla va SpaceX rahbari, Twitter egasi Ilon Mask ikkinchi o`ringa tushib qoldi. 2022 yilga nisbatan Mask 39 milliard dollar yo`qotdi. Hozir uning mulki 180 milliard dollarga baholanmoqda.
Uchinchi o`rinda 114 milliard dollar boylik bilan Amerikaning Amazon korporasiyasi asoschisi Jeff Bezos joylashgan. Ilgari Forbes jurnalida ikkinchi o`rinni egallagan Bezos Amazon aksiyalari 38 foizga arzonlashgani sababli 57 milliard dollar yo`qotib, uchinchi o`ringa tushib ketdi.
Bundan tashqari dunyodagi eng boy odamlar o`ntaligiga Oracle korporasiyasi asoschilari va rahbarlaridan biri, amerikalik Larri Ellison ($107 mldr), Amerikaning Berkshire Hathaway kompaniyasi investisiya fondi rahbari Uorren Baffet (($106 mlrd), Amerikaning Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts ($104 mlrd), amerikalik biznesmen, va siyosatchi Maykl Blumberg ($94,5 mlrd), meksikalik tadbirkor Karlos Slim Elu ($93 mlrd), Reliance Industries rahbari hind Mukesh Ambani ($83,4 mlrd) va Microsoft kompaniyasining sobiq bosh direktori Stiven Ballmer ($80,7 mlrd) kiradi.






